Qozog‘istonning tashqi qarzi qariyb 188 mlrd dollarga yetdi
Olam
−
15:36 502 2 daqiqa
2026 yil 1 iyul holatiga ko‘ra, Qozog‘istonning tashqi qarzi 187,9 milliard dollarni tashkil etdi. Bu haqda mamlakat Milliy banki e’lon qilgan ma’lumotlarda keltirilgan.
Qayd etilishicha, yil boshida qarzdorlik 183,1 milliard dollarni tashkil etayotgan bo‘lgan. Olti oy ichida u 4,8 milliard dollarga oshgan, biroq uning YAIMga nisbati 59,9 foizdan 56,6 foizgacha kamaygan. Bu dollar hisobidagi YAIMning qarz summasiga qaraganda tezroq o‘sgani bilan izohlanadi. Ushbu ko‘rsatkichni hisoblash uchun Milliy bank so‘nggi 12 oydagi YAIMdan foydalanadi.
Tashqi qarz davlat, banklar va kompaniyalarning norezidentlar oldidagi majburiyatlarini o‘z ichiga oladi. Davlat qarzi alohida hisobga olinadi: unga davlatning ham ichki, ham tashqi kreditorlar oldidagi majburiyatlari kiradi.
Firmalararo qarzdorlik ulushiga 86,2 milliard dollar yoki butun tashqi qarzning qariyb 46 foizi to‘g‘ri kelgan. Ushbu kategoriyaga, xususan, Qozog‘iston korxonalarining xorijiy investorlari oldidagi majburiyatlari kiradi.
“Tashqi qarzning salmoqli qismi firmalararo qarzdorlikka to‘g‘ri keladi. U to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investorlar tomonidan iqtisodiyotni uzoq muddatli moliyalashtirishni aks ettiradi hamda mamlakatning ishlab chiqarish salohiyatini rivojlantirishga kapital, uskunalar va texnologiyalar kiritish bilan bog‘liqdir”, deydi Milliy bank To‘lov balansi departamenti direktori Azat O‘skenbayev.
Davlat boshqaruvi organlari va Milliy bankni o‘z ichiga olgan davlat sektorining tashqi qarzi 18,6 milliard dollarni yoki YAIMning 5,6 foizini tashkil etgan. Shu bilan birga, Milliy bankning xalqaro zaxiralarini hisobga olgan holda davlatning tashqi aktivlari 130,8 milliard dollarga yetgan. Ular tashqi majburiyatlardan 112,2 milliard dollarga ortiq.
2025 yil iyul oyida Milliy bank raisi Timur Suleymenov tashqi qarzning muhim qismi Qozog‘istonda faoliyat yuritayotgan kompaniyalarning xorijiy bosh tashkilotlari oldidagi qarzdorligi bilan bog‘liqligini ma’lum qilgan. U qarz yukini qarzning YAIMga nisbati bo‘yicha baholashga chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq joriy yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekistonning jami tashqi qarzi 84,1 milliard dollarga yetgani haqida xabar berilgan edi. Shundan davlat qarzi 41,7 milliard dollar, korporativ qarz esa 42,4 milliard dollarni tashkil etgan.