O‘zbekistonning tashqi qarzi 84 mlrd dollardan oshdi
Jamiyat
−
22:40 562 2 daqiqa
Joriy yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekistonning jami tashqi qarzi 1,9 milliard dollarga ortib, 84,1 milliard dollarga yetdi. Bu haqda Markaziy bankning “O‘zbekiston Republikasi to‘lov balansi, xalqaro investitsiyaviy mavqei va tashqi qarzi” nomli hisobotida keltirilgan.
Unga ko‘ra, O‘zbekistonning jami tashqi qarzi bir yil avvalgidan qariyb 12 mlrd dollarga (16,5 foiz) ortgan 84,1 milliard dollar yetgan. Shundan davlat qarzi 41,7 milliard dollar, korporativ qarz esa 42,4 milliard dollarni tashkil etgan.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 13,4 milliard dollarlik salbiy savdo saldosi sababli joriy operatsiyalar hisobi defitsiti 6,2 milliard dollarni tashkil etgan. Oltin sotuvining kamayishi fonida umumiy eksport 8,6 foizga (15,4 milliard dollar) pasaygan, vaholanki oltinsiz tovarlar eksporti 27 foizga o‘sgan. Import 24 foizga (28,8 milliard dollar) ortgan – unda mashina va uskunalar ustunlik qilmoqda. To‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning sof oqimi 2,3 milliard dollarga yetgan. Xalqaro valyuta jamg‘armasi esa mamlakatning qarz yuki bo‘yicha bahosini past darajada saqlab qolmoqda.
O‘zbekiston tashqi qarzining o‘sishi iqtisodiyotni texnologik modernizatsiya qilishning faol bosqichini aks ettiradi. Tashqi savdo defitsitining kengayishi import tarkibi bilan izohlanadi: mashinalar, uskunalar va transport vositalari xaridi – bu iste’mol qizib ketishi emas, balki ishlab chiqarish bazasiga kiritilgan uzoq muddatli investitsiyalar.
Oltin eksportining kamayishi bozor xususiyatiga ega bo‘lib, bu holat xomashyo bo‘lmagan eksport (+27 foiz) va xizmatlar (+45 foiz) sifatli o‘sishi bilan qoplanmoqda. To‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning ijobiy oqimi (2,3 milliard dollar) va imtiyozli kreditlarning yuqori ulushi qarz xavflarining nazorat qilinayotganini hamda mamlakat makroiqtisodiy modelining barqarorligini tasdiqlaydi.
Ma’lumot uchun, korporativ tashqi qarz tarkibida xususiy sektor, jumladan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan davlat kafolatisiz jalb etilgan tashqi qarzlar aks ettiriladi. Bunda, korporativ tashqi qarz bo‘yicha davlat majburiyati mavjud emas, ular bo‘yicha to‘lovlar xo‘jalik sub’ektlari hamda banklarning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Iqtisodiyot va moliya vazirligi e’lon qilgan ma’lumotlar asosida O‘zbekistonning davlat qarzi o‘tgan chorakka nisbatan 1,33 milliard dollarga ko‘paygani va joriy yilning ikkinchi choragi yakunlariga ko‘ra, 48,32 milliard dollarni tashkil etgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi