O‘zbekistonning tashqi qarzi 75 milliard dollardan oshdi

Jamiyat

image

2025 yil 1 oktyabr holatiga O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 75,4 mlrd dollarga yetdi. Bu haqda Markaziy bankning “O‘zbekiston Respublikasi to‘lov balansi, xalqaro investitsiyaviy mavqei va tashqi qarzi” sharhida keltirilgan.

Unga ko‘ra, 2025 yilning III choragida O‘zbekistonning yalpi tashqi qarz hajmi 82,4 mlrd dollarga chiqqan. Qayd etilishicha, yalpi tashqi qarzning 37,4 mlrd dollari davlat tashqi qarzi hisoblanadi. Qolgan 38 milliard dollarlik mablag‘lar xususiy va davlat korxonalari (korporativ) tomonidan olingan. 2025 yilning 9 oyi davomida davlat qarzi 10 foizdan ko‘proq, korporativ qarz 27 foizga yaqin oshgan.

Sharhda keltirilishicha, xorijdan jalb qilingan davlat qarzi qoldig‘ining choraklik o‘sish sur’atlarida sezilarli pasayish kuzatilgan. Jumladan, 1 chorakda ko‘rsatkich 5,7 foizga, ІІ chorakda 3 foizga o‘sgan bo‘lsa, III chorakda o‘sish 1,2 foizni tashkil etgan.

“2025 yil 1 oktyabr holatiga ushbu mablag‘lar qoldig‘i 37,4 mlrd dollarni tashkil qilgan. Xo‘jalik sub’ektlari va banklar tomonidan norezidentlardan jalb qilingan korporativ kredit va qarzlar qoldig‘i 38 mlrd dollarga teng bo‘ldi”, deyiladi sharhda.

Qayd etilishicha, norezidentlardan jalb qilingan korporativ qarz mablag‘lari tarkibida xususiy sektor, jumladan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish, aylanma mablag‘larni to‘ldirish, biznes faoliyatini kengaytirish va boshqa maqsadlarda davlat kafolatisiz jalb etilgan kredit va qarzlar aks ettiriladi.

“Shu o‘rinda, XVJ hamda xalqaro reyting agentliklari bayonotlarida O‘zbekistonning tashqi qarz yuki o‘rtacha darajada ekanligi (asosan imtiyozli shartlarda olingan) e’tirof etilgan”, deyiladi sharhda.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning 6 oyi yakunida O‘zbekistonning umumiy tashqi qarz hajmi 72,2 mlrd dollarni tashkil qilib, shundan davlat tashqi qarzi hajmi 36,8 mlrd dollar hamda korporativ tashqi qarz hajmi 35,4 mlrd dollarga teng bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Teglar

davlat qarzi tashqi qarz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing