Chernobil AES Ukraina nazoratiga o‘tdi – MAGATE
Olam
−
01 aprel 2022
9851Chernobil atom elektr stansiyasini (CHAES) nazorat qiluvchi Rossiya kuchlari ob’ekt ustidan nazoratni Ukraina tomoniga topshirdi. Bu haqda Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) bosh direktori Rafael Grossi ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev MAGATEga Rossiya kuchlari “atom elektr stansiyasi ustidan nazoratni yozma ravishda ukrainalik xodimlarga topshirgani” haqida ma’lum qilgan. Grossining ta’kidlashicha, Ukraina tomonining ma’lumotlariga ko‘ra, Chernobil uchastkasida hali ham rossiyalik harbiylar bor.
Avvalroq MAGATE bosh direktori yaqin kunlarda tashkilot yordam ko‘rsatish uchun CHAESga birinchi missiyani jo‘natishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, MAGATE bu borada Kiyev bilan yaqin maslahatlashuvlar olib bormoqda.
25 fevral kuni Ukrainadagi urush davomida Rossiya Havo-desant kuchlari bo‘linmalari Chernobil hududini to‘liq nazoratga olgandi. Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, AES alohida qo‘riqlash batalonining ukrainalik harbiy xizmatchilari bilan energiya bloklari va stansiya sarkofagini birgalikda qo‘riqlash bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi