Bug‘doy narxi 13 yillik rekordni yangiladi

Olam

image

Bugun, 25 fevral kuni Yevropa ittifoqi platformalarida bir tonna bug‘doy narxi 353 dollargacha yetdi. Bu narx 13 yildan ortiq vaqt ichida – 2008 yil iyun oyidan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir. Mutaxassislarning fikricha, bu butun dunyo bo‘ylab inflyatsiya bosimini oshirishi mumkin. 

“Bloomberg”ga ko‘ra, Rossiya va Ukraina g‘alla ekinlarining jahon eksportchilari bo‘lib, bu davlatlar o‘rtasidagi ziddiyat jahon bozoriga bug‘doy yetkazib berish barqarorligi bilan tahdid solmoqda.

Global eksportning 30 foizi shu ikki davlat hissasiga to‘g‘ri keladi. Yopilgan Azov dengizi va Rossiya bosib olgan Qora dengizdagi ukrain portlari ukrain va rus bug‘doyini xalqaro bozorga eltadigan asosiy eksport marshrutdir. 

Rossiya va Ukraina birgalikda yiliga 112 million tonnaga yaqin bug‘doy ishlab chiqaradi. Bu AQSH va Kanada bozorlarining umumiy hajmidan uch barobar ko‘p. Jahon bug‘doy savdosining chorak qismidan ko‘prog‘i, makkajo‘xori savdosining 20 foizi va kungaboqar yog‘i savdosining 80 foizi mazkur ikki davlat hissasiga to‘g‘ri keladi. 

“BCS Express” ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya fond bozorida g‘alla ishlab chiqarish bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan kompaniyalar yo‘q. O‘g‘it ishlab chiqaruvchilari narxlarning ko‘tarilishidan bilvosita foyda ko‘radi.

O‘zbekistonlik iqtisodchi Otabek Bakirovning ta’kidlashicha, Yevropa bozorida bug‘doy narxining ko‘tarilishi tez orada boshqa mintaqalarga ham o‘z ta’sirini ko‘rsata boshlaydi.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.

Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.

Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi

Baholaganlar

215

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing