Buchada qirg‘in. Dunyo rossiyaliklar tashlab ketgan shahardan dahshatga tushdi (fotoreportaj)

Olam

photo_2022-04-03_19-42-10

Yaqin vaqtgacha Rossiya harbiylari nazoratida bo‘lgan Kiyev viloyatining Bucha va boshqa aholi punktlarida o‘nlab tinch aholining o‘ldirilishi Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushning eng dahshatli lahzalaridan biriga aylandi.

Ko‘chalarda yotgan odamlar jasadi, jumladan qo‘llari bog‘langanlar aks etgan suratlar joriy yilning 2 aprel kuni kechqurun tarqaldi. Ertasi kuni Buchadan yangi dalillar, shuningdek, Ukrainaning bosib olingan hududlarida sodir etilgan jinoyatlar haqidagi xabarlar paydo bo‘ldi. Rossiya rasmiylari esa Buchadagi xunrezliklarni soxta deb e’lon qilishga urinmoqda.

Ukraina Bosh prokurori Irina Venediktova Kiyev viloyatining Rossiya harbiylaridan ozod qilingan tumanlaridan 410 nafar o‘lganlarning jasadi sud-tibbiy ekspertizadan o‘tkazish uchun olib ketilganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tergov guruhlari Kiyev va Chernigov viloyatlarining ozod qilingan hududlarida ishlamoqda, ular “Rossiya Federatsiyasi bosqinchilarining barcha jinoyatlarni” aniqlash bilan shug‘ullanmoqda. Minalardan tozalash ishlari ham olib borilmoqda – Venediktovaning aytishicha, gap portlamagan o‘q-dorilardan tashqari, Rossiya harbiy tomonidan minalangan jasadlar haqida ketmoqda.

“Bu bizning yerimizda uni uyushtirgan yirtqich hayvonlarni jazolash uchun hujjatlashtirilishi kerak bo‘lgan do‘zaxdir”, degan Bosh prokuror.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Buchadagi holatga munosabat bildirar ekan, Rossiyaning madaniy va insoniy qiyofasi ukrainaliklar bilan o‘lganini qayd etdi. U o‘zining navbatdagi videomurojaatida ruscha gapirib, rossiyalik onalarga yuzlanib, shunday dedi:

“Men har bir rossiyalik askarning onasi Bucha, Irpen va Gostomelda o‘ldirilgan odamlarning jasadini ko‘rishini xohlayman. Ular nima qildi? Nega ularni o‘ldirishdi? Ko‘chadan velosipedda o‘tib ketayotgan erkak nima qildi? Nima uchun oddiy tinch shahardagi oddiy fuqarolar qiynoqqa solingan? Nima uchun ayollar quloqlaridan sirg‘alari tortib olingandan keyin bo‘g‘ib o‘ldirilgan? Qanday qilib ayollarni bolalarning ko‘z o‘ngida zo‘rlash va o‘ldirish mumkin? Hatto o‘lganidan keyin ham ularning jasadlarini masxara qilasizmi? Nima uchun odamlarning jasadlarini tanklar bilan ezib tashlashdi? Ukrainaning Bucha shahri sizning Rossiyangizga nima qildi? Qanday qilib bularning barchasi sodir bo‘ldi?

Rus onalari, agar siz talonchilarni tarbiyalagan bo‘lsangiz ham, ular qanday qilib jallodga aylandi? Farzandlaringizning ichida nima borligini bilmagan bo‘lishingiz mumkin emas. Ular hamma insoniylikdan mahrum ekanliklarini payqamasligingiz mumkin emas. Ruh ham, yurak ham yo‘q. Ular ataylab va zavq bilan o‘ldirishdi.

Men Rossiya Federatsiyasining barcha rahbarlari o‘zlarining buyruqlari qanday bajarilayotganini ko‘rishlarini xohlayman. Mana bunday buyruqlar, mana bunday ijro. Va birgalikda javobgarlik. Bu qotilliklar uchun, qiynoqlar uchun, portlashlardan keyin uzilib ketgan qo‘llar uchun. Bog‘langan odamlar boshining orqa qismiga uzilgan o‘qlar uchun.

Rossiya davlati endi shunday qabul qilinadi. Bu sizning ko‘rinishingiz. Sizning madaniyatingiz va insoniy qiyofangiz ukrainlar va ukrainalik ayollar bilan birga halok bo‘ldi”.

Rossiya Mudofaa vazirligi Rossiya harbiylari tomonidan Buchada tinch aholi o‘ldirilgani haqidagi xabarlarni “provokatsiya” va “sahnalashtirish” deb atadi.

Idoraning ta’kidlashicha, Bucha rus harbiylari nazorati ostida bo‘lgan davrda “birorta ham mahalliy aholi zo‘ravonlik harakatlaridan jabr ko‘rmagan”, Ukraina harbiylari esa shaharning janubiy tumanlarini “tunu-tun” o‘qqa tutgan.

Bayonotga ko‘ra, Rossiya Mudofaa vazirligi shaharning 30 mart kuni rus harbiylari tomonidan tashlab ketilganini ta’kidlab, Buchada “jinoyatlarning barcha dalillari” oradan to‘rt kun o‘tib, Ukraina Xavfsizlik xizmati zobitlari va Ukraina televideniyesi vakillari shaharga yetib kelishganidan keyin” paydo bo‘lganini qo‘shimcha qilgan.

Rossiya “Ukraina radikallarining Buchadagi dahshatli provokatsiyasi munosabati bilan” 4 aprel kuni BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishini o‘tkazishni so‘ragan. Avvalroq, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Buchadagi tinch aholi o‘limiga oid dalillardan “chuqur hayratda qolganini” aytdi va mustaqil tergov o‘tkazish hamda aybdorlarni javobgarlikka tortishga chaqirdi.

Rossiya hukumatparast ommaviy axborot vositalari “sahnalashtirilgan” video haqida “fakt”larni tarqata boshlagan. Biroq ular “Mediazona” tomonidan rad etildi. 3 aprel kuni ertalab Mariupoldagi bolalar shifoxonasidan olingan tasvirlarning “soxtaligi” haqida yolg‘on da’volarni tarqatib kelgan “Feyk”ga qarshi urush” Telegram-kanali 3 aprel kuni ertalab Bucha shahrida rus qo‘shinlari chekinganidan keyin shahar bo‘ylab harakatlanayotgan mashina videolavhasini e’lon qildi.

“Feyk”ga qarshi urush” kanalining aytishicha, kadrlardan birida yo‘l chetida yotgan marhum go‘yoki qo‘lini qimirlatgan, so‘ngra orqa ko‘zguda ko‘rinadigan boshqa o‘lgan odam o‘tirgan.

“Mediazona”ning ko‘rsatishicha, “Feyk”ga qarshi urush” kanali avtomobilning yon oynasidagi tirnalgan joyni qo‘l qimirlashi deb aytgan. Shuningdek, odam o‘tirgani ham sifatli videoning sekinlashtirilgan holida ko‘rsatilib, inkor qilingan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin Bucha qirg'ini

Baholaganlar

737

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing