Bu yoz Yevropa uchun eng fojialisi bo‘lishi mumkin – Zelenskiy
Olam
−
20 avgust 2022
10003Agar Rossiyaning radiatsiyaviy shantaji davom etsa, bu yoz Yevropa tarixiga barcha davrlarning eng fojiali yozlaridan biri sifatida kirishi mumkin. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy an’anaviy videomurojaatida shunday fikr bildirdi.
“Agar Rossiyaning radiatsiyaviy shantaji davom etsa, bu yoz Yevropaning turli mamlakatlari tarixiga barcha davrlarning eng fojiali yozlaridan biri sifatida kirishi mumkin. Zero, dunyoning birorta atom elektr stansiyasidagi bironta ham qo‘llanmada terroristik davlat atom elektr stansiyasini nishonga aylantirgan taqdirda qanday harakatlanish tartibi nazarda tutilmagan”, degan Zelenskiy.
Prezidentning aytishicha, ukrainalik diplomatlar, sheriklar, BMT va MAGATE vakillari Zaporoje atom elektr stansiyasiga yuboriladigan missiyaning aniq tafsilotlarini ishlab chiqmoqda.
“Ushbu missiya bilan Zaporoje AES va Energodarda to‘liq xavfsizlikni tiklash boshlanishi mumkin. Men esa bu ish va tashabbusga qo‘shilgan barchaga o‘z minnatdorligimni bildiraman”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, “bugungi kunda Rossiyaning energetika sohasidagi shantajining yana bir jihatiga e’tibor qaratish lozim”.
“Shimoliy oqim”dan Germaniyaga gaz yetkazib berish yana cheklandi va yana “Shimoliy oqim 2” bilan go‘yoki biror narsaning o‘rnini qoplash mumkinligi haqida bema’ni gaplar eshitilyapti. Rossiyaga bu oqimlar faqat Yevropani muammolar bilan ta’minlash uchun kerak, u yerda kimgadir gaz bilan yordam berish uchun emas. Hozir bu kundek ravshan bo‘ldi”, deydi u.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi Yevropa va jahon energetika bozorida qancha uzoq qolsa, shunchalik uzoq vaqt u yerda barqarorlik bo‘lmaydi.
“Yevropadagi barcha o‘z energiya tizimini Rossiyadan umuman energiya olmasdan yashashga qanchalik tez tayyorlasa, ular har qanday qishdan tezroq omon qolishadi”, deydi Ukraina rahbari.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi