Bu sun’iy to‘xtatish – Zelenskiy YeIga ayblov qo‘ydi

Olam

image

Yevropa Ittifoqi (YeI) Ukrainaga 8 milliard yevro miqdorida makromoliyaviy yordam ko‘rsatishni sun’iy ravishda kechiktirmoqda. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy aytib o‘tdi.

“Men har kuni va turli yo‘llar bilan Yevropa Ittifoqining ba’zi rahbarlariga ukrainalik pensionerlar, bizning majburiy ko‘chgan (fuqaro) larimiz, o‘qituvchilarimiz va byudjet to‘lovlariga qaram bo‘lgan boshqa odamlar ularning qat’iyatsizligi yoki byurokratiyasining asiri bo‘lmasligi kerakligini eslatib turaman. Ukraina uchun sakkiz milliard yevro hozir to‘xtatilgan. Davlatimiz uchun makromoliyaviy yordamni sun’iy ravishda kechiktirish esa yo jinoyat, yo xato”, degan Zelenskiy.

Zelenskiy Ukrainaga yordam berishni kechiktirayotgan aniq davlat nomini aytmagan. Shuningdek, u “bu xato va tuzatilishiga” umid bildirgan.

Avvalroq Ukraina Prezidenti devoni rahbari o‘rinbosari Igor Jovkva Germaniyani 9 milliard yevro miqdoridagi makromoliyaviy yordamga to‘siq qo‘yganlikda ayblagan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina allaqachon 1 milliard yevro olgan, biroq Germaniya va boshqa ba’zi Yevropa davlatlari qolgan 8 milliard yevroni berishni kechiktiryapti.

Kecha, 4 avgust kuni “Reuters” agentligi Yevropa Ittifoqi Ukrainaga sentyabrgacha 8 milliard yevro miqdorida yangi moliyaviy yordam paketini shakllantirish niyatida ekanligini ma’lum qildi. Mablag‘larning bir qismi Kiyevga grant, qolgani esa kreditlar ko‘rinishida beriladi. Bungacha Yevrokomissiya Ukrainaga iyun va iyul oylarida kelishilgan 1 milliard yevro miqdoridagi makromoliyaviy kredit yordamini o‘tkazishni yakunladi. 12 iyul kuni Yevropa Ittifoqining iqtisod va moliya vazirlari darajasidagi kengashi Kiyevga tegishli kreditni ma’qulladi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi

Baholaganlar

42

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing