“Bu mazax qilish”. Zelenskiy Rossiya bilan muzokaralarni yo‘qqa chiqaradigan “qizil chiziq”ni aytdi

Olam

image
0:00
0:00
download

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya egallab olgan Mariupolda ukrainalik harbiy asirlar ustidan sud jarayoni o‘tkazilsa, Ukraina rasmiylari Rossiya bilan muzokaralardan abadiy voz kechishini aytdi. Bu haqda u bugun, 22 avgustga o‘tar kechasi e’lon qilingan murojaatida aytib o‘tgan.

“Hozirda ommaviy axborot vositalarida Mariupolda ukrainalik himoyachilar, bosqinchilar tomonidan asirga olingan askarlarimiz ustidan mutlaqo jirkanch va absurd sud jarayoni uchun sahna ko‘rinishlari tayyorlanayotgani haqida yetarlicha xabarlar bor... Agar bu qabih sud jarayoni bo‘lib o‘tsa, odamlarimiz barcha kelishuvlarni, xalqaro qoidalarni buzgan holda bu sahnaga olib kelinsa, mazax qilish bo‘ladi... Bu har qanday muzokaralarni imkonsiz qiladigan chiziq bo‘ladi. Rossiya muzokaralardan uziladi. Boshqa gap bo‘lmaydi. Davlatimiz hammasini aytdi”, degan Zelenskiy.

Rossiya Federatsiyasi nazorati ostidagi Mariupolda, “Azov” polki harbiylari ustidan sud jarayoni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilyapti. Tan olinmagan DXRda buni tribunal deb baholashyapti. Avgust oyi boshida “Life” nashri Mariupol filarmoniyasidan videoni e’lon qildi, u yerda bo‘lajak sudda sudlanuvchilar uchun metall qafaslar qurilgan.

Rossiya va Ukraina delegatsiyalari oxirgi marta mart oyi oxirida Istanbulda yuzma-yuz muzokara o‘tkazgan edi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha har ikki tomon muzokaralarda ma’lum yutuqlarga erishganliklarini ma’lum qildi. Keyin muzokarachilar videokonferensiya shaklida muloqot qilishdi. May oyida delegatsiyalar bir-birini jarayonni buzishda ayblab, muzokaralarni to‘xtatgan edi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

34

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing