Britaniya Ukrainaga yana M270 tizimlarini yetkazib berdi

Olam

image

Ukraina mudofaa vaziri Aleksey Reznikov Buyuk Britaniyadan Ukrainaga M270 yalpi reaktiv hujum tizimlarining (YARHT) yangi partiyasi yetkazib berilganini ma’lum qildi.

“Buyuk Britaniya va’da berdi, Buyuk Britaniya yetkazib berdi. Bundan ham ko‘proq M270 YARHT Ukrainaga yetib keldi. Tez orada yangi “sovg‘alar” keladi”, deb yozgan u Twitter sahifasida.

15 iyul kuni Reznikov Buyuk Britaniyadan birinchi uchta M270 YARHT olinganini e’lon qilib, yana qurollar kelishini aytgandi.

Iyun oyida Buyuk Britaniya Mudofaa vaziri Ben Uolles London Amerikada ishlab chiqarilgan M270 YARHTni 80 kmgacha bo‘lgan masofadagi nishonlarni uradigan raketalar bilan Ukrainaga topshirishini ma’lum qilgandi. Kecha, 11 avgust kuni “Reuters” agentligi Uollesga tayanib, London Ukrainaga qo‘shimcha YARHT hamda M31A1 boshqariladigan raketalarni yetkazib berishini ma’lum qildi.

M270 YARHT – bu Amerikada ishlab chiqarilgan reaktiv va taktik raketa uchirish moslamasi sifatida ishlatiladigan universal uchirish moslamasi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

9

Reyting

3.5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing