Britaniya Rossiya va Ukraina erta kelishishiga qarshi – OAV 

Olam

image
0:00
0:00
download

Buyuk Britaniya Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik bitimining juda erta imzolanishiga qarshi. Uning fikricha, bu Kiyev uchun foydasiz. Bu haqda hukumatdagi manbalarga tayanib xabar berilgan. 

Qayd etilishicha, Britaniya tinchlik bitimini tezroq tuzishga “haddan tashqari ishtiyoqmand” ittifoqchilarning harakatlaridan xavotirda. London Ukraina harbiy mavqeini yaxshilasa, keyin kelishuvga erishish kerak, deb hisoblaydi. 

“Ba’zi ittifoqchilarimiz uning (Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy) kelishuvga erishishini juda xohlashi mumkin. Biz muzokaralarni boshlashdan oldin Ukraina o‘z harbiy mavqeini iloji boricha yaxshilashi kerak, deb hisoblaymiz”, degan yuqori martabali manba. 

Unga ko‘ra, AQSH, Fransiya va Germaniya erta tinchlik kelishuvi tarafdorlari qatorida. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 29 mart kuni Turkiyaning Istanbul shahridagi Dolmabahche saroyida Rossiya-Ukraina delegatsiyalarining navbatdagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Unda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ham ishtirok etdi. Shunisi ahamiyatliki, ushbu uchrashuv 7 mart kuni Brestda o‘tkazilgan muzokaralardan keyingi ilk yuzma-yuz muloqotdir.  

Muzokaralarning navbatdagi raundi bugun, 1 aprel kuni onlayn tarzda davom ettiriladi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

10

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing