BMT yana Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirmoqda
Olam
−
06 Oktabr 2020
3408BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish yana bir bor Ozarbayjon va Armanistonni Janubiy Kavkazdagi harbiy harakatlarni to‘xtatishga chaqirdi.
Guterrishning matbuot kotibi Steffan Dyujarrikning ta’kidlashicha, dunyo hamjamiyatining chaqiriqlariga qaramay, Armaniston-Ozarbayjon mojarosi zonasida faol jangovar harakatlar davom etmoqda.
"Biz urush zonasining kengayishi va tinch aholi punktlarining o‘qqa tutilishidan xavotirdamiz. Tomonlar xalqaro gumanitar huquq normalariga rioya qilishlari kerak. Inqirozda harbiy yechim yo‘q. Mintaqaviy va xalqaro o‘yinchilar o‘z ta’siridan foydalanib, BMT shafeligida muzokaralarga qaytishga erishishlari kerak”, dedi Dyujarrik.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi qurolli hujumlar boshlanganiga bugun 10 kun to‘ldi. Mojaroning birinchi kunidayoq Guterrish tomonlarni murosaga kelishga chaqirgan edi. Biroq, eng avvalo Ozarbayjon Respublikasi buni rad etdi.
Kecha, 5 oktyabr kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirayotgan mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar 30 yilga vaqt davomida Qorabog‘ muammosiga pancha ortidan qarab kelgani, muammoni hal etmagani yoki buni istamaganini aytib, endi Ozarbayjon davlati va xalqi quruq va’dalarga ishonmasligini urg‘uladi. Aliyevga ko‘ra,Ozarbayjon muzokaralar stoliga qaytishining faqat bitta yo‘li bor – kafolat. Talabga ko‘ra, Armaniston Qorabog‘ tuproqlaridan qachon chiqib ketishini ma’lum qilishi va Bosh vazir Pashinyan Ozarbayjon davlati va xalqidan uzr so‘rashi kerak.
rasmiy Bakuga ko‘ra, Armaniston Qurolli Kuchlari joriy yilning 27 sentyabr kuni soat 06:00 dan boshlab Ozarbayjonga qarshi keng ko‘lamli provokatsiyalarni amalga oshirdi, butun front bo‘ylab Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini, shuningdek, oldingi chiziq zonasida joylashgan aholi punktlarini o‘qqa tutdi.
Armaniston hujum Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan boshlanganini aytmoqda. Ozarbayjon esa qurolli to‘qnashuvga nisbatan javob hujumlari boshlaganini rasman e’lon qilib, Armaniston chegarasidagi tinch aholi vakillarini chegara hududlaridan chetga chiqishlarini so‘radi.
Holat bo‘yicha Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev xalqqa murojaat bilan chiqib, to‘qnashuv Ozarbayjonning provokatsiyasi emasligini aytdi.
Nikol Pashinyan esa mamlakatda harbiy holat va umumiy safarbarlik e’lon qildi. Buning ortidan Ilhom Aliyev mamlakatda harbiy holat va komendantlik soati e’lon qilish haqidagi farmonga imzo chekdi. Shuningdek, Aliyev 28 sentyabr kuni qisman safarbarlik e’lon qilish haqidagi hujjatni imzoladi.