BMT Ukrainadagi urushda qancha tinch aholi o‘lganini ochiqladi

Olam

image

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi Rossiya tomonidan boshlangan keng ko‘lamli urush tufayli Ukrainada 5237 kishi halok bo‘lgani va 7035 nafar tinch aholi jarohatlanganini tasdiqlashga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda BMT IHOK ma’lum qildi.

Komissarlik ma’lumoti 24 fevraldan 24 iyul yarim tungacha bo‘lgan vaqtdagi statistikani o‘z ichiga olgan. Qurbonlarning 348 nafari, jabrlanganlarning 560 nafari bolalar ekani tasdiqlangan.

Iyul oyida tashkilot tinch aholining o‘limi yoki jarohati bilan bog‘liq 1165 ta holatni qayd etgan: 285 kishi halok bo‘lgan va 880 kishi yaralangan.

“Tinch aholi vakillarining o‘limi bilan bog‘liq ro‘yxatga olingan holatlarning aksariyati keng ta’sir doirasiga ega bo‘lgan portlovchi qurollardan foydalanish, jumladan, og‘ir artilleriya va ko‘plab raketa tizimlaridan o‘qqa tutilgani, shuningdek, raketa va havo zarbalari natijasida sodir bo‘lgan”, deyiladi BMT IHOK.

Ularning ta’kidlashicha, haqiqiy raqamlar ancha yuqori, chunki janglar qizg‘in davom etayotgan ayrim joylardan ma’lumot olishda kechikish kuzatilmoqda. Bu, xususan, Mariupol (Donetsk viloyati), Izyum (Xarkov viloyati), Lisichansk, Popasna va Severodonetsk (Lugansk viloyati) aholi punktlariga taalluqlidir.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

23

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing