Biz urushni to‘xtatishga qodir emasmiz – Kulebaning Lavrov bilan uchrashuvdan hafsalasi pir bo‘ldi
Olam
−
10 mart 2022
12784Ukrainada 24 soatlik o‘t ochishni to‘xtatish masalasida hech qanday muvaffaqiyatga erishilmadi. Bu haqda Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Turkiyaning Antaliya shahrida Rossiya va Turkiya TIV rahbarlari bilan o‘tkazilgan uch tomonlama muzokaralar yakunida ma’lum qildi.
“Biz urushni to‘xtatishga qodir emasmiz. Agar bizga hujum qilayotgan davlat buni istamasa, biz urushni to‘xtata olmaymiz”, degan ukrainalik diplomat muzokaralardan keyingi matbuot anjumanida.
Dmitriy Kulebaning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov gumanitar yo‘laklarga kafolat bermagan va bu masalani tegishli tuzilmalar bilan muhokama qilishini ma’lum qilgan.
Shu bilan birga, Ukraina Tashqi ishlar vaziri yana shunday uchrashuv o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ta’kidlagan.
“Agar inqirozni hal qilish zarurati tug‘ilsa, biz uchrashishga tayyormiz”, deydi Kuleba.
U Rossiya tomoni muzokaralarga tayyor bo‘lganida Ukraina ham muloqotga tayyor ekanini urg‘ulagan. Shuningdek, Ukraina TIV rahbari u Antaliyaga vaziyatni hal qilish bo‘yicha aniq qarorlar qabul qilish maqsadida kelgani, Lavrov esa “faqat tinglash uchun” kelganini ta’kidlagan.
Avvalroq, bugun, 10 mart kuni Antaliya shahrida Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba va Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li o‘rtasida uchrashuv boshlangani haqida xabar bergandik.
Bu ikki davlat TIV rahbarlarining Ukrainada Rossiya Qurolli kuchlari harbiy harakatlar boshlaganidan keyin o‘tkazayotgan ilk muzokarasi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi