Biz Rossiyaga kimligimizni ko‘rsatib qo‘yamiz – Fransiya Mudofaa vaziri

Olam

image

Fransiya Mudofaa vaziri Florans Parli urushning Yevropa chegaralari yaqinida davom etayotgani, uning Yevropa davlatlariga tarqalishining oldini olish muhimligi haqida ogohlantirdi. Bu haqda Fransiya Mudofaa vazirligi rahbari Ruminiyadagi NATOga tegishli Mixail Kogelnichanu bazasiga tashrifi chog‘ida aytib o‘tdi. 

Tashrif davomida Parliga Ruminiya Prezidenti Klaus Yoxannis,Bosh vazir Nikolaye Chuke va Mudofaa vaziri Vasile Dinku hamrohlik qilgan. 

Fransiya vaziri NATOning Ruminiyadagi bazasida 500 nafar fransuz askari joylashganini eslatdi.

“Biz mana shunday beqaror davrda qit’aning xavfsizligini ta’minlashga qaror qildik. Biz Rossiyaga jamoaviy mudofaa bo‘yicha mustahkam birdamligimizni namoyish etamiz”, deydi u. 

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi boshlanganidan beri Fransiya va Belgiya NATOning Konstansadagi bazasiga zudlik bilan 800 nafar askar yubordi. 

"Urush Yevropaning ostonasida, biz unga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak", deydi Parli. 

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

57

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing