Biz bilanligingizni ko‘rsating, shunda hayot o‘limni yengadi – Zelenskiy Yevroparlamentda nutq so‘zladi
Olam
−
01 mart 2022
11357Bugun, 1 mart kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Yevropa parlamentida nutq so‘zladi. Videokonferensiya orqali yevropaliklarga yuzlangan Zelenskiy mamlakatni tezroq ittifoqqa qo‘shishni so‘rab, shunday dedi:
Qadrli do‘stlar, oxirgi kunlarda odamlar bilan qanday salomlashishni bilmayaaman. Men shunchaki “xayrli kun” yoki “xayrli kech” deb ayta olmayman. Bunday salomlasholmayman, chunki har kunimiz biz uchun yomon kun. Ba’zilar uchun, hatto oxirgisi.
Bugun men o‘z mamlakati va erkinligini himoya qilayotgan Ukraina fuqarolari nomidan gapiraman. Bugun bu yerda ko‘rgan va eshitganlarim meni chin dildan quvontiradi. Men bu birdamlik muhitini his qilyapman. Bugun biz barchangizni – Yevropa Ittifoqi mamlakatlarini birlashtirganimizdan xursandman, lekin buning narxi bunchalik qimmat bo‘lishini bilmagandim. Bugun biz boshdan kechirayotgan voqea men va har bir ukrainalik hamda butun davlat uchun fojiadir. Inqilob paytida, urush paytida va rus bosqinining besh kunligida minglab odamlar halok bo‘ldi.
Mening oldindan yozilgan nutqim yo‘q, chunki hozir bu ko‘ngilga sig‘maydi. Bizning bugungi haqiqatimiz har kuni odamlarning o‘lishidir. Bu qurbonlik erkinlik uchun, inson huquqlari uchun, bugun siz bahramand bo‘layotgan huquqlar uchun berilmoqda.
Ukrainaliklar fantastik odamlardir. Ko‘pincha biz hammani mag‘lub qilamiz va hamma narsani engamiz, deb aytishni yaxshi ko‘ramiz. Buni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rayotganingizdan xursandman va buni uddalashimizga ishonchim komil. Ishonchim komilki, Yevropa tanlovi – Ukraina tanlovi – biz bugun boshlayotgan yo‘ldir. Buni sizdan, o‘z og‘zingizdan eshitgim kelyapti. Ukrainaning bu Yevropa tanlovi ham sizning tanlovingiz ekanligini eshitishni istardim.
Ba’zan siz bilan aloqamiz uzilib qolishi mumkin, chunki bu yerga raketalar tushmoqda. Shu jumladan, Rossiya chegarasiga yaqin joylashgan Xarkov shahriga ham. Bu yerda ko‘plab Rossiya fuqarolari yashaydi, ularga har doim munosabat yaxshi bo‘lgan. Bu eng ko‘p universitetlarga ega shahar va Xarkov yoshlari juda aqlli.
Xarkovdagi Ozodlik maydoni Yevropadagi eng katta maydon. Tasavvur qiling, bugun ertalab bu maydonda ikkita raketa portladi. O‘nlab odamlar halok bo‘ldi. Bu biz erkinlik uchun chto‘laydigan narx.
Bugun yurtimiz fuqarolari qamalda qolgan. Hech kim Ukrainaga kelib, bizning ozodligimiz uchun kurasha olmaydi. Yurtimizning har kvadrat metri Ozodlik maydoni.
Farzandlarimizni tirik ko‘rmoqchimiz, lekin bugun yetti bola halok bo‘ldi. Prezident Putin bu faqat “harbiy operatsiya” ekanligini va uning maqsadi faqat harbiy nishonlar ekanini qayta-qayta ta’kidlamoqda. Ammo bunday emas. Ushbu “operatsiya” deb ataladigan harakat davomida odamlar halok bo‘lmoqda. Kecha 16 bola halok bo‘ldi.
Xalqimiz juda hamjihat. Biz huquqlarimiz, erkinligimiz va hayotimiz uchun kurashyapmiz. Hozir biz omon qolish uchun kurashyapmiz. Va bu bizning asosiy motivatsiyamiz. Ammo biz Yevropaning teng huquqli a’zolari bo‘lish uchun ham kurashyapmiz. Va ishonamanki, bugun biz buni ko‘rsatamiz.
Yevropa Ittifoqi biz bilan, albatta, kuchliroq bo‘ladi. Ukraina sizsiz yolg‘iz qoladi. Biz o‘z kuchimizni isbotladik, sizlardan biri ekanligimizni, yonma-yon turishimizni ko‘rsatdik. Yonimizda turganingizni, bizni tark etmasligingizni ko‘rsating. Haqiqatan ham yevropalik ekanligingizni isbotlang. Shundagina hayot o‘limni, yorug‘lik esa zulmatni yengadi. Ukrainaga shon-sharaflar!
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.
Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.
Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
LiveBarchasi