Biz hammasini eslab qolamiz – Ukraina MXMK kotibi Rossiyaga bostirib kirish bilan tahdid qildi
Olam
−
07 mart 2022
16825Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Aleksey Danilov Rossiyaga hujum qilish bilan tahdid qildi.
“Hech qachon Ukraina bilan jang qilmang, xalqimiz minglab g‘ayriinsoniy sinovlardan o‘tdi, bir nechta imperiyalarni mag‘lub etdi va bundan faqat kuchliroq va bardoshli bo‘ldi, hozir ham shunday bo‘ladi!”, degan Danilov.
Mansabdor Rossiya Ukrainaga hujum qilganida “o‘lik yer” taktikasini tanlaganini namoyish qilganini ta’kidlagan. U bunga misol sifatida rus harbiylari “Smerch” yalpi reaktiv hujum tizimi bilan Nikolayevdagi uylarga zarba berganini ko‘rsatgan.
“Siz bizning bolalarimizni, ayollarimizni, aholimizni o‘ldiryapsiz! Biz barchani va hammasini eslab qolamiz, hech kimni va hech qachon unutmaymiz. Siz hech qayerga yashirinolmaysiz: na uylaringizning panjarasi ortiga, na Mayamidagi villalarda, na Seyshel orollaridagi yaxtada, na Uraldagi bunkerda”, deb yozgan Danilov o‘zining Facebook’dagi sahifasida.
Danilov Ukraina buyruq berganlarni ham, ularni bajarganlarni ham o‘z ro‘yxatiga kiritganini ta’kidlagan.
“Siz bizning yerimizga va oilalarimizga keldingiz – biz ham sizga boramiz. Ukrainaga shon-sharaflar”, deya so‘zini yakunlagan xafsizlik kengashi kotibi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi