Bir balosi bo‘lmasa... Rossiya YeXHTning Ukrainadagi missiyasi ishiga to‘siq qo‘ydi
Olam
−
01 aprel 2022
18036Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YeXHT) Rossiyaning pozitsiyasi tufayli Ukrainadagi maxsus kuzatuv missiyasi vakolatini uzaytira olmadi. Bu haqda YeXHT raisi, Polsha Tashqi ishlar vaziri Zbignev Rau ma’lum qildi.
“Rossiya Federatsiyasi pozitsiyasi tufayli maxsus kuzatuv missiyasi vakolatini uzaytirish bo‘yicha kelishuvga erisha olmaganimizdan chuqur afsusdaman”, degan Rau YeXHT saytida chop etilgan bayonotda.
Zbignev Rauning aytishicha, YeXHT missiyasi 2014 yil —Ukrainada o‘z faoliyatini boshlaganidan beri hal qiluvchi rolni o‘ynagan, hududdagi xavfsizlik va gumanitar vaziyat haqida xolis ma’lumot berib, tinch aholi uchun mojaro oqibatlarini yumshatishda tinimsiz mehnat qilgan.
Rossiyaning YeXHTdagi doimiy vakili Aleksandr Lukashevich voqeani izohlar ekan, Moskva tashkilotni o‘z xodimlarini chaqirib olish to‘g‘risida xabardor qilishini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, rossiyalik mutaxassislar YeXHTning Ukrainadagi maxsus kuzatuv missiyasidan “shunchaki siqib chiqarilgan”. U, shuningdek, missiya Ukrainada “ob’ektiv rejimda” ishlamaganini da’vo qilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, YeXHTning maxsus kuzatuv missiyasi 2014 yildan beri Donbassdagi mojaro hududida ishlab kelgan. Missiya Ukrainaning YeXHTdagi vakolatxonasi iltimosiga binoan tuzilgan, qaror tashkilotga a’zo 57 davlat tomonidan ma’qullangan. YeXHT missiyasining Ukrainadagi faoliyati har yili uzaytirilgan. 2021 yilda missiya vakolati 2022 yil 31 martgacha uzaytirilgan. Uning amal qilish muddati bugun, 1 aprelga o‘tar kechasi tugaydi.
Ukrainadagi missiya YeXHTning eng yirik missiyasi hisoblangan. Mamlakatda 814 nafar xalqaro va 477 nafar mahalliy xodimlar ishlagan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi