Belgorodda neft bazasiga zarba berildi. Rossiya Ukrainani ayblamoqda
Olam
−
01 aprel 2022
15046Bugun, 1 aprel kuni tongda Rossiyaning Belgorod shahrida “Rosneft”ga tegishli neft bazasida yong‘in chiqdi. Belgorod viloyati gubernatori Vyacheslav Gladkov neft bazasiga Rossiya hududiga past balandlikda uchib kirgan Ukraina Qurolli Kuchlarining ikkita vertolyoti zarba berganini iddao qilmoqda.
“Interfaks” nashrining Gladkovga asoslanib, xabar berishicha, yong‘in oqibatida hech kim qurbon bo‘lmagan. Shahar meri Anton Ivankov ham hodisada hech kim jabrlanmaganini bildirdi.
Hodisa joyida Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari ish olib bormoqda. Neft bazasi yaqinidagi uchta ko‘cha aholisi vaqtincha evakuatsiya qilinib, “Belgorod Arena”ga joylashtirilgan.
Ukraina rasmiylari bu ayblovga hozircha munosabat bildirmagan.
Biroq Ukrainaga qarshi urushayotgan Rossiya chegaraga havo hujumidan mudofaa tizimlarini joylashtirmaganiga ishonish qiyin. Agar joylashtirgan bo‘lsa, Ukraina vertolyotlari Rossiya tomoniga o‘tib ketishi mushkul ish hisoblanadi. Shu bilan birga o‘z yog‘iga qovurilayotgan Ukraina ham mamlakat ichidagi janglar yetmaganidek chegarani kesib o‘tib, Belgorodga zarba berishiga ham ishonish qiyin.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi