Bayden Rossiyaning Ukrainadagi harakatlarini ilk bor genotsid deb atadi

Olam

image

AQSH Prezidenti Jo Bayden Rossiyaning Ukrainadagi harakatlarini birinchi marta genotsid deb atadi. Bu haqda CNN yozmoqda.

Ayovadagi chiqishi chog‘ida u amerikaliklarning byudjeti diktator boshqa davlatda genotsid sodir etishiga bog‘liq bo‘lmasligi kerakligini aytgan.

“Oilaviy byudjetingiz, bakingizni to‘ldirish qobiliyati, bularning barchasi diktatorning urush e’lon qilishi va dunyoning yarmi uchun genotsid sodir etishiga bog‘liq bo‘lmasligi kerak”, degan Prezident.

Bayden, shuningdek, benzin narxi oshishi bilan kurashishga yordam berish uchun strategik neft zaxirasidan kuniga bir million barrel neft chiqarishga ruxsat berganini aytgan.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Baydenning bayonotini haqiqiy liderning so‘zlari deb atadi.

"Yovuzlikka qarshi kurashda narsalarni o‘z nomi bilan atash muhim. Biz AQSH allaqachon ko‘rsatgan yordam uchun minnatdormiz va Rossiyaning keyingi vahshiyliklarining oldini olish uchun zudlik bilan qo‘shimcha qurollarga muhtojmiz”, deb yozgan Zelenskiy Twitter’da.

AQSH Prezidentining o‘zi Rossiya va Prezident Vladimir Putin tomonidan Buchada sodir etilgan vahshiylikni “harbiy jinoyat” deb atagan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

29

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing