Bayden Germaniyada. U Shols bilan Ukraina masalasida gaplashib oldi
Olam
−
26 iyun 2022
10597AQSH Prezidenti Jo Bayden va FRG kansleri Olaf Shols “Katta yettilik” sammiti arafasida Germaniya janubidagi Elmau qasrida uchrashdi. Ular Ukraina muammolarini muhokama qildi va Kiyevni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish zarurligi haqida gapirdi. Bu haqda Oq uyning uchrashuv yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan bayonotida aytiladi.
“Rahbarlar Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligi g‘oyasiga sodiq ekanliklarini, shuningdek mamlakat o‘z demokratik tartibini Rossiya tajovuzidan himoya qila olishi uchun unga harbiy, iqtisodiy, gumanitar va diplomatik yordam ko‘rsatishni davom ettirishlarini ma’lum qildilar" deyiladi bayonotda.
Shu bilan birga, Bayden va Shols Ukrainadagi mojaroning global oziq-ovqat va energiya xavfsizligiga ta’sirini qanday yumshatish mumkinligini muhokama qilganlar.
Tomonlar, shuningdek, G7 sammiti boshlangan Germaniyada Xitoy bilan bog‘liq masalalarni ham muhokama qilgan. Qo‘shimcha tafsilotlar hozircha berilmagan.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 26-28 iyun kunlari Germaniya janubidagi Garmish-Partenkirxen (Bavariya federal shtati) yaqinidagi Elmau qasrida G7 yetakchilarining uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi