Bas qiling, bolalar o‘lmoqda! – BMT Putin Rossiyasiga murojaat qildi
Olam
−
05 mart 2022
11779Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi Rossiyadan Ukraina hududidagi harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatib, bolalarni jismoniy va ruhiy zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishni talab qildi.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, qurolli to‘qnashuvlar chog‘ida kamida 19 nafar bola halok bo‘lgan, 31 nafar bola jarohatlangan, deb xabar qilmoqda BMT matbuot xizmati.
"Ukrainalik bolalar hozir dahshatli azob-uqubatlarni boshdan kechirmoqda: ular o‘ldirilmoqda va mayib qilinmoqda", deyiladi qo‘mita bayonotida.
Hujjatda maktablar, shifoxonalar va hatto mehribonlik uylariga qurolli hujumlar amalga oshirilayotganiga e’tibor qaratilgan:
“Ko‘pchilik oilasidan ajralgan. Urush ularning uylarini vayron qiladi. Ular maktabga borishmaydi. Ta’lim muassasalari, mehribonlik uylari va shifoxonalarga hujumlar sodir etilgani haqida xabarlar bor. Bolalar chidab bo‘lmas darajada qo‘rquv va xavotirni boshdan kechirishadi”.
Bayonot mualliflarining eslatishicha, Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyada bolalarning yashash, rivojlanish, ta’lim olish va zo‘ravonlikning barcha shakllaridan ozod bo‘lish huquqlari mustahkamlangan. Bolalar har doim g‘amxo‘rlik, yordam va himoyalanish huquqiga ega.
“Afsuski, qurolli to‘qnashuvlarda aynan bolalar eng ko‘p jabr ko‘rayotganini tarix qayta-qayta isbotlagan”, deydi qo‘mita a’zolari.
Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mita “Rossiya Federatsiyasining BMT Nizomiga zid ravishda amalga oshirilgan tajovuzi” oqibatida Ukrainada bolalar huquqlari qo‘pol ravishda poymol etilayotganidan chuqur xavotirda.
“Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mita Rossiya Federatsiyasidan Ukraina hududidagi harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishni talab qiladi. Rossiya Konvensiya bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishi va BMT Nizomiga rioya etilishini ta’minlashi kerak. Bolalar huquqlarini himoya qilish eng ustuvor vazifadir”, deyiladi bayonotda.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi