Barcha yirik davlatlar Ukrainaning YeIga qo‘shilishiga qarshi – Mario Dragi

Olam

image

Ukrainaga Yevropa Ittifoqi a’zoligiga nomzod maqomini berish hozirda aksariyat davlatlarning e’tirozlari tufayli kutilmayapti. Bu haqda Italiya Bosh vaziri Mario Dragi Yevropa Ittifoqining navbatdan tashqari sammitidan so‘ng bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deya xabar beradi “Ansa”.

“Men Ukrainaning YeIga kirishini boshidan qo‘llab-quvvatlaganman. Ammo Italiyadan tashqari Ittifoqining barcha yirik davlatlari Ukrainaning Yevropa Ittifoqi a’zoligiga nomzod maqomiga e’tiroz bildirmoqda. Nomzod maqomini berish hozircha bu mamlakatlarning qarshiliklari tufayli kutilmayapti”, deydi Dragi.

Uning ta’kidlashicha, Yevrokomissiya tezlashtirilgan tartibni joriy etish masalasini ko‘rib chiqmoqda. 

“Hozirda mavjud bo‘lmagan yo‘l, lekin uni taklif qilish mumkin va Yevrokomissiya [bu masala bo‘yicha] hisobot tayyorlaydi”, deydi Italiya Bosh vaziri.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya Qurolli kuchlarining hujumidan so‘ng Kiyev zudlik bilan Yevropa Ittifoqi a’zoligiga nomzod bo‘lish niyatini e’lon qilgan. Bunga javoban, Bryussel ham Ukraina tashabbusiga iliq munosabat bildirgandi. Fransiya rahbari Emmanuel Makron esa Ukrainaning YeIga qo‘shilish jarayoni bir necha yil, hatto o‘nlab yillar davom etishi mumkinligini ta’kidladi.

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi iyun oyida hal bo‘lishini aytgan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

24

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing