Baku va Yerevan bir-birini o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzishda aybladi

Olam

O‘t ochishni to‘xtatish Qorabog‘ mojarosining yakuniy yechimini o‘zgartirmaydi – Turkiya north_east

O‘t ochishni to‘xtatish Qorabog‘ mojarosining yakuniy yechimini o‘zgartirmaydi – Turkiya

Armaniston va Ozarbayjon Mudofaa vazirliklari bir-birini Tog‘li Qorabog‘dagi sulhni buzishda aybladi.

“Ozarbayjon bo‘linmalari 10 oktyabr kuni soat 12:00 da e’lon qilingan insonparvarlik sulhini mensimasdan, soat 12:05 da Qoraxambeyli qismiga hujum uyushtirishdi. Arsax mudofaa armiyasining (tan olinmagan Tog‘li qorabog‘ respublikasi Qurolli kuchlari) bo‘linmalari dushman hujumini bostirish uchun tegishli choralarni ko‘rmoqda”, deyiladi Armaniston mudofaa vazirligi matbuot kotibi Shushan Stepanyanning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

O‘z navbatida Ozarbayjon mudofaa vazirligi Armaniston harbiylari Terter va Agdam shaharlarini o‘qqa tutganini ma’lum qildi. Shuningdek, o‘q otishni to‘xtatish rejimini buzgan arman zirhli texnikalarining yo‘q qilinishi aks etgan videoni ham e’lon qildi.

Rasmiy Baku Yerevanni sulhni qo‘pol ravishda buzishda aybladi. Armaniston tomoni buni rad qilyapti.

Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjon va Armaniston Rossiya vositachiligida Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatishga kelishdi. Sulh asirlar va jasadlarni almashish maqsadida tuzildi.

Rasmiy Bakuga ko‘ra, Armaniston Qurolli Kuchlari joriy yilning 27 sentyabr kuni soat 06:00 dan boshlab Ozarbayjonga qarshi keng ko‘lamli provokatsiyalarni amalga oshirdi, butun front bo‘ylab Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini, shuningdek, oldingi chiziq zonasida joylashgan aholi punktlarini o‘qqa tutdi.

Armaniston hujum Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan boshlanganini aytmoqda. Ozarbayjon esa qurolli to‘qnashuvga nisbatan javob hujumlari boshlaganini rasman e’lon qilib, Armaniston chegarasidagi tinch aholi vakillarini chegara hududlaridan chetga chiqishlarini so‘radi.

Holat bo‘yicha Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev xalqqa murojaat bilan chiqib, to‘qnashuv Ozarbayjonning provokatsiyasi emasligini aytdi.

Nikol Pashinyan esa mamlakatda harbiy holat va umumiy safarbarlik e’lon qildi.  Buning ortidan Ilhom Aliyev mamlakatda harbiy holat va komendantlik soati e’lon qilish haqidagi farmonga imzo chekdi. Shuningdek, Aliyev 28 sentyabr kuni qisman safarbarlik e’lon qilish haqidagi hujjatni imzoladi

Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida keskinlik avj olgandan keyin Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ikki mamlakat Tashqi ishlar vazirlari bilan telefon orqali muloqot qilib, ularni muzokaralar stoliga qaytishga chaqirgan edi. Prezident Vladimir Putin esa Nikol Pashinyan bilan muloqot qilib, masalani tinch yo‘l bilan hal etishni tavsiya qildi. Bu orada Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev asosiy kuch va dastakni Turkiya Respublikasidan olayotgani ma’lum bo‘ldi. Shu kuni Turkiya va Ozarbayjon Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar va Erdo‘g‘an turk xalqi va davlati Ozarbayjonni bor imkoniyati bilan qo‘llab-quvvatlashini eslatdi

Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi Tog‘li Qorabog‘ mojaroli zonasidagi vaziyat ko‘p jihatdan Rossiyaga bog‘liq. Rossiya Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi, shuningdek Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Minsk guruhining hamraisi. 1 oktyabr kuni guruh hamraislari – AQSH, Rossiya va Fransiya Tog‘li Qorabog‘ masalasida qo‘shma bayonot e’lon qildilar


Maqola muallifi

Teglar

Qorabog' to'qnashuvi

Baholaganlar

48

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing