O‘t ochishni to‘xtatish Qorabog‘ mojarosining yakuniy yechimini o‘zgartirmaydi – Turkiya

Olam

image

Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish muammoning yakuniy yechimini o‘zgartirolmaydi. Turkiya Tashqi ishlar vazirligi Ozarbayjon va Armaniston o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvga erishganidan keyin shunday bayonot bilan chiqdi.

“E’lon qilingan sulh bitimi [vaziyatni hal qilish uchun] birinchi muhim qadamdir, ammo u muammoning yakuniy yechimini o‘zgartirmaydi”, deyiladi bayonotda.

Turkiya TIVning qo‘shimcha qilishicha, mamlakat Ozarbayjon rozi bo‘lgan qarorni qo‘llab-quvvatlaydi.

“Bu degani Turkiya Ozarbayjonni muzokaralar stolida ham, jang maydonida ham qo‘llashda davom etadi”, deyilgan vazirlik xabarida.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 10 oktyabr mahalliy vaqt bilan soat 12:00 dan o‘t ochishni to‘xtatish rejimi kuchga kirdi.

Rasmiy Bakuga ko‘ra, Armaniston Qurolli Kuchlari joriy yilning 27 sentyabr kuni soat 06:00 dan boshlab Ozarbayjonga qarshi keng ko‘lamli provokatsiyalarni amalga oshirdi, butun front bo‘ylab Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini, shuningdek, oldingi chiziq zonasida joylashgan aholi punktlarini o‘qqa tutdi.

Armaniston hujum Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan boshlanganini aytmoqda. Ozarbayjon esa qurolli to‘qnashuvga nisbatan javob hujumlari boshlaganini rasman e’lon qilib, Armaniston chegarasidagi tinch aholi vakillarini chegara hududlaridan chetga chiqishlarini so‘radi.

Holat bo‘yicha Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev xalqqa murojaat bilan chiqib, to‘qnashuv Ozarbayjonning provokatsiyasi emasligini aytdi.

Nikol Pashinyan esa mamlakatda harbiy holat va umumiy safarbarlik e’lon qildi.  Buning ortidan Ilhom Aliyev mamlakatda harbiy holat va komendantlik soati e’lon qilish haqidagi farmonga imzo chekdi. Shuningdek, Aliyev 28 sentyabr kuni qisman safarbarlik e’lon qilish haqidagi hujjatni imzoladi

Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida keskinlik avj olgandan keyin Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ikki mamlakat Tashqi ishlar vazirlari bilan telefon orqali muloqot qilib, ularni muzokaralar stoliga qaytishga chaqirgan edi. Prezident Vladimir Putin esa Nikol Pashinyan bilan muloqot qilib, masalani tinch yo‘l bilan hal etishni tavsiya qildi. Bu orada Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev asosiy kuch va dastakni Turkiya Respublikasidan olayotgani ma’lum bo‘ldi. Shu kuni Turkiya va Ozarbayjon Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar va Erdo‘g‘an turk xalqi va davlati Ozarbayjonni bor imkoniyati bilan qo‘llab-quvvatlashini eslatdi

Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi Tog‘li Qorabog‘ mojaroli zonasidagi vaziyat ko‘p jihatdan Rossiyaga bog‘liq. Rossiya Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi, shuningdek Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Minsk guruhining hamraisi. 1 oktyabr kuni guruh hamraislari – AQSH, Rossiya va Fransiya Tog‘li Qorabog‘ masalasida qo‘shma bayonot e’lon qildilar


Maqola muallifi

Teglar

Qorabog' to'qnashuvi

Baholaganlar

60

Reyting

2.7

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing