Avstraliya rossiyalik 33 tadbirkorga sanksiya kiritdi

Olam

image

Avstraliya hukumati 33 nafar rossiyalik tadbirkor va ularning yaqin qarindoshlariga nisbatan yangi sanksiyalar joriy qildi. Bu haqda bugun, 14 mart kuni Tashqi ishlar vaziri Meris Peynga tayanib “Bloomberg” xabar berdi. 

Sanksiya ro‘yxatiga kiritilganlar orasida “Chelsi” futbol klubi egasi Roman Abramovich, “Gazprom” rahbari Aleksey Miller, “Rossiya banki” direktorlar kengashi raisi Dmitriy Lebedev, “Rostex” rahbari Sergey Chemezov, “Transneft” rahbari Nikolay Tokarev, VEB. RF raisi Igor Chuvalov va Rossiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi rahbari Kirill Dmitriyev bor. 

“Avstraliya hukumati bugun rossiyalik tadbirkorlar, taniqli ishbilarmonlar va ularning yaqin qarindoshlariga nisbatan sanksiyalar e’lon qildi. Bu bizning ulkan shaxsiy boylik to‘plagan va Rossiya uchun iqtisodiy va strategik ahamiyatga ega bo‘lgan, shu jumladan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan shaxsiy aloqalar o‘rnatgan odamlarga chora ko‘rishga sodiqligimizni ko‘rsatadi”, deyiladi Tashqi ishlar vazirligi bayonotida. 

Avvalroq Avstraliya 460 nafar Rossiya fuqarosiga, jumladan, Rossiya prezidenti Vladimir Putinga, shuningdek, bir qator vazirlar va yuqori martabali amaldorlarga nisbatan iqtisodiy sanksiyalar qo‘llanilishini e’lon qilgan edi. Bundan tashqari, Avstraliya sanksiyalari ro‘yxatiga Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlari va Rossiyaning bir qator yetakchi korxonalari va moliya-kredit tashkilotlari, jumladan, Rossiya Markaziy banki ham kiritilgan. Avstraliyaning so‘nggi sanksiya paketlari joriy yilning 3, 8 va 11 mart kunlari joriy qilingan. 

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.

 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

5

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing