Anonymous Putinga ultimatum qo‘ydi
Olam
−
26 fevral 2022
42255Anonymous xakerlar guruhi Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga ultimatum qo‘ydi. Bu haqda “Korrespondent” nashri xabar bermoqda.
Xakerlar Putinning zudlik bilan iste’foga chiqishini talab qilib, Rossiya Prezidenti uchun “maxsus operatsiya” tayyorlaganliklarini aytishmoqda. Anonymous’ga tegishli videomurojaatni Twitter’da e’lon qildi.
“2018 yilda bizning guruhimiz “Roskomnadzor” veb-saytini qanday buzib kirganini eslaysizmi? Janob Putin, Afg‘onistonga qanday mag‘lub bo‘lganingizni eslaysizmi? Endi biz Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlarini oshkor qildik. U yerda pochta va parollar bor edi, hozir esa bu ma’lumotlar bazasi Twitter’da. Sizning Finlyandiya va Shvetsiyaga tahdid qilishga urinishlaringiz sharmandalik. Siz bu mamlakatlar NATOga qo‘shilsa, tahdid qilasiz”, degan Anonymous.
Bundan tashqari, xakerlar ko‘p yillar davomida yashiringan narsalarni nashr etishlari haqida xabar berishgan. Anonymous bu ma’lumot Putin va uning “buzuq qo‘g‘irchoqlari” uchun qattiq zarba bo‘lishini va’da qilgan.
“Siz yolg‘on gapirayotgan jamiyatdan yashirmoqchi bo‘lgan axloqsizlikni aniqlashimiz faqat vaqt masalasidir. Biz shkafdagi har bir skeletni ko‘rsatamiz. Endi biz Ukraina xalqining huquqlarini tiklashni va iste’foga chiqishingizni talab qilamiz”, deyiladi videoda.
Shuningdek, xakerlar Anonymous’ning barcha a’zolarini “Vladimir Putinning og‘zini o‘z iflos pullari bilan yopishga” chaqirgan.
Avvalro Anonymous xakerlik guruhi Ukrainaga hujum boshlagan Rossiyaga qarshi kiberurush e’lon qilgani xabar berilgandi.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.
Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.
Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
LiveBarchasi