AQSHdagi o‘rmon yong‘ini qurbonlari soni oshdi

Olam

image

Amerika Qo‘shma Shtatlarining Gavayi shtatidagi Maui orolida o‘rmon yong‘ini qurbonlari soni 53 kishiga yetdi. Bu haqda orol rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, orol uch kundan beri alanga ichida qolmoqda. 1700 dan ortiq uy vayron bo‘lgan. Shifoxonalar kuyish va tutundan zaharlanish jabrdiydalari bilan to‘lib ketgan.

Orol ma’muriyatining ta’kidlashicha, yong‘inni o‘chirish bo‘yicha ishlar olib borilayotgan vaqtda hududga kirish cheklangan. Orol elektr energiyasidan uzilgan. Bir kechada 1050 kishi vayronaga aylangan uyidan harbiy muzey va jamoat markaziga, 300 nafar kishi Maui qirollik sobori va cherkoviga evakuatsiya qilingan.

Yong‘in binolarni qamrab olgan va kuchli shamol ta’sirida boshqa uylarga ham tarqala boshlagan. Ba’zi mahalliy aholi yong‘indan qutulish uchun o‘zini okeanga tashlashga majbur bo‘lgan.

Avvalroq, oroldagi o‘rmon yong‘inlari oqibatida 36 kishi halok bo‘lgani hamda ko‘plab binolar yonib ketgani haqida xabar bergan edik.

Ma’lumot uchun, yil boshidan beri AQSHTurkiyaGretsiya, Italiya, Jazoir kabi kabi mamlakatlarda o‘rmon yong‘inlari sodir bo‘ldi. Italiyada havoning isishi ortidan janubiy orollarda o‘rmon yong‘inlari, shimolda esa dovullar yuz berdi. Jazoirda esa o‘rmon yong‘inlari oqibatida 30 dan ortiq odam halok bo‘ldi. Turkiyaning bir nechta viloyatlari ham o‘rmon yong‘inlari ichida qolgan bo‘lsa, Kanadada o‘rmon yong‘inlari oqibatida 9 million gektar hudud kulga aylandi. Olimlar iyul oyining birinchi o‘n kunligida rekord darajadagi issiq haftani qayd etdi. Shuningdek, O‘rta yer dengizi suvlarining harorati ham rekord darajada isidi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 2023 yilda butun dunyo bo‘ylab ekstremal ob-havo hodisalari avvalgiga nisbatan ko‘proq sodir bo‘lishidan ogohlantirdi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh o'rmon yong'ini

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing