Pora bilan ushlangan prokuror, shifokorni o‘ldirgan MMA jangchisi, videosi tarqatilgan deputat ayol... Bugun nimalar bo‘ldi?

Jamiyat

image
Yakunlanib borayotgan 16 noyabr, seshanba kuni O‘zbekistonda va jahonda yuz bergan voqea-hodisalar hamda yangiliklarning eng muhimlari va eng saralari bilan QALAMPIR.UZ dayjestida tanishing.

Jamiyat 

2022 yilda ish haqi, pensiya va stipendiya oshiriladi

2022 yilda ish haqi, pensiya, stipendiya, nafaqalar miqdorlari oshiriladi. Bu haqda Moliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan 2022 yil uchun davlat byudjeti loyihasida ma’lum qilindi.

2022 yilda ish haqi, pensiya, stipendiya, nafaqalar miqdorlarini va ayrim xizmat turlari bo‘yicha tariflarni oshirish bilan bog‘liq xarajatlarga 11,7 trln so‘m yo‘naltiriladi.

Namanganda erkak ayolning Malibu-2'sini yoqib yubordi

Joriy yilning 13 noyabr kuni Namangan shahar Davlatobod tumanida Malibu-2 avtomobili yoqib yuborildi. 

Ma’lum qilinishicha, 13 noyabr kuni soat 4:00 larda Namangan viloyati IIB 102 xizmatiga Davlatobod tumanida Malibu-2 avtomobilida yong‘in chiqqani haqida xabar tushgan. Mashina shu tumanda yashovchi 1989 yilda tug‘ilgan ayolga tegishli bo‘lgan.

O‘zgidromet Qamchiq dovonidan o‘tuvchilar uchun shoshilinch xabar e’lon qildi

Ertaga, 17-noyabr kuni Qamchiq dovonida kuchli yog‘ingarchilik kuzatiladi. Tuman tushib, ko‘rinuvchanlik 50 metrgacha pasayishi kutilmoqda. Bu haqda Gidrometeorologiya xizmati markazi xabar berdi.

Markaz ma’lumotlariga ko‘ra, 17 noyabr kuni A-373 Toshkent—O‘sh avtomobil yo‘lining Qamchiq davoni hududida qor ko‘rinishida yog‘ingarchilik, vaqti vaqti bilan kuchli yog‘ingarchilik bo‘lishi mumkin. Tuman, ko‘rinuvchanlik 50 metrgacha pasayishi, shamol tezligi 17–22 metr/sekunddan 25-27 metr/sekundgacha kuchayishi kutilmoqda. Yo‘llarda yaxvonlik va qor uyumlari yuzaga kelishi mumkin.

Hokimlarning g‘alla yetishtiruvchilar ishiga aralashishi taqiqlandi

Avvalroq O‘zbekiston Prezidentining “G‘alla yetishtirish va sotishda erkin raqobatni ta’minlaydigan bozor tamoyillarini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingani haqida xabar bergan edik.

Qaror bilan davlat boshqaruvi organlari, shu jumladan, barcha darajadagi mahalliy hokimliklar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning:

•    boshoqli don yetishtirishda agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish, moddiy-texnik resurslar bilan ta’minlashga;
•    ajratilgan imtiyozli kreditlardan foydalanish yo‘nalishlariga;
•    bug‘doyni sotish jarayonlariga, shu jumladan, shartnomalar tuzishga, xo‘jaliklarni don tayyorlash va qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi ma’lum korxonalarga biriktirish, respublika hududlari o‘rtasidagi ichki tashuvlarga;
•    g‘allachilik klasterlari faoliyatiga chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va boshqa yo‘nalishlarni qo‘shish to‘g‘risida qat’iyan taqiqlanadi.

YHXB jarima ma’lumotlar bazasi kiberhujumga uchrab, o‘chib ketdimi? IIV izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda yo‘l qoidasini buzgan haydovchilar va jarimalar saqlanuvchi elektron baza xakerlik hujumi natijasida o‘chib ketgani haqida audiolar tarqalmoqda. Unda jarimalar bazasi o‘chib ketgani uchun ko‘chalarda reyd tadbirlarini o‘tkazish ko‘paygani aytilgan.

Mazkur audioxabarlar yuzasidan izoh olish uchun Ichki ishlar vazirligi Matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov bilan bog‘landik. U ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar asossiz ekanini ma’lum qildi.

Jizzaxda yana prokuror o‘rinbosari pora bilan ushlandi

Kecha, 15 noyabr kuni taxminan soat 16:30 larda huquqni muhofaza kiluvchi organlar xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Jizzax viloyati, Yangiobod tumani prokurorining o‘rinbosari pora olgan vaqtda ushlandi. 

Tuman prokurori o‘rinbosari 8 000 AQSH dollari olgan vaqtida ushlangan. Tezkor tadbir Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgani aytilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqda deputat Feruza Jo‘rabekovnani obro‘sizlantirishga qaratilgan video tarqatilyapti

Bugun jamoatchilik e’tibori ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoga qaratildi. Videoda Xalq deputatlari O‘rta Chirchiq tuman kengashi deputati Feruza Jo‘rabekovna va bir erkak nomaqbul vaziyatda ekani aks etgan.

Video “virus” bo‘lib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalmoqda va jamoatchilikning noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari deputatning shaxsiy hayotiga daxldor videoni tarqatib, uning sha’ni va obro‘siga putur yetkazishga urinish bo‘layotganini qoralamoqda.

Viloyat IIB ushbu holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, murojaatga asosan joriy yilning 2 oktyabr kuni IIBB tezkor xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv davomida, murojaatda ko‘rsatilgan dala hovli ko‘zdan kechirilgan. O‘sha vaqtda ham xonadonda ikki nafar ayol, ikki nafar erkak kishilar borligi, ulardan, fuqaro F.B. (ayol) va D.Sh. (erkak) jinsiy aloqada bo‘layotgani aniqlangan.

Suhbat o‘tkazilganda ular alkogol mahsulotlari iste’mol qilishgani va ishqiy munosabatda bo‘lish maqsadida kelganligini ma’lum qilganlar.

Olam

AQSH Putindan Lukashenkoga bosim o‘tkazishni so‘radi

AQSH Belarusga qarshi yangi sanksiyalar bo‘yicha Yevropa Ittifoqi bilan yaqin hamkorlikda ishlamoqda va Rossiyani Prezident Aleksandr Lukashenkoga ta’sir o‘tkazishga chaqirmoqda. Bu haqda Oq uy Matbuot kotibi Jen Psaki ma’lum qildi.

“Biz Lukashenko rejimini davom etayotgan hujum uchun javobgarlikka tortish maqsadida Yevropa Ittifoqidagi hamkorlarimiz va boshqa ittifoqchilarimiz bilan yaqindan ishlashda davom etamiz. Bunga keyingi sanksiyalarni tayyorlash kiradi”, degan u. 

Kim Chen In bir oy deganda omma oldida paydo bo‘ldi 

KXDR yetakchisi Kim Chen In mamlakat shimoli-g‘arbidagi Respublikadagi eng yirik zamonaviy shahar qurilishi olib borilayotgan Samchjiyon shahriga tashrif buyurdi. Bu haqda Koreya markaziy telegraf agentligi xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Kim Chen In “qurilishning uchinchi, yakuniy bosqichining borishi bilan shaxsan tanishish maqsadida Samchjiyon shahriga inspeksiya bilan tashrif buyurgan”. 

Bu davlat rahbarining bir oydan ortiq vaqt ichida birinchi marta omma oldida chiqishidir. KXDR yetakchisi oxirgi marta joriy yilning 11 oktyabr kuni Pxenyandagi mudofaa ko‘rgazmasida nutq so‘zlagan edi.

Rossiya beshta davlat bilan aviaparvozlarni tiklaydi 

Rossiya joriy yilning 1 dekabridan Bangladesh, Braziliya, Mo‘g‘uliston, Kosta-Rika va Argentina bilan parvozlarni tiklaydi. Bu haqda koronavirus tarqalishiga qarshi kurash bo‘yicha operativ shtab ma’lum qilgan.  

Shtab ma’lumotlariga ko‘ra, 1 dekabrdan boshlab quyidagi davlatlar bilan o‘zaro asosda muntazam reyslarni tiklash to‘g‘risida qaror qabul qilindi: Bangladesh Moskva — Dakka yo‘nalishi bo‘yicha haftasiga 2 ta reys chastotasi bilan; Mo‘g‘uliston Moskva — Ulan-Bator yo‘nalishi bo‘yicha haftasiga 3 ta reys, Ulan-Ude — Ulan-Bator haftasiga 1 ta reys, Irkutsk — Ulan-Bator va Krasnoyarsk — Ulan-Bator yo‘nalishlarida haftasiga 1 ta reys.

Sport

UEFA “bolg‘achilar”ni jazoladi

UEFA tashkiloti Londonning “Vest Xem” klubi Belgiyaning “Genk” jamoasiga qarshi kechgan Yevropa ligasi guruh bosqichi 4-tur uchrashuvida muxlislari tartibsizlik uyushtirgani uchun jazolanishi haqida bayonot berdi.
 
Devid Moyes shogirdlari joriy yilning 4 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng, 34,5 ming yevro miqdorida jarimaga tortildi, shuningdek, Yevropa ligasining navbatdagi o‘yiniga “bolg‘achilar” muxlislari bora olmaydi.

“Barselona” eng qimmat futbolchisini sotishga tayyor

Kataloniyaning “Barselona” klubi futbolchisi Filippe Koutino qishki transfer oynasida “ko‘k-anorranglilar” safini tarki etishi mumkin. Bu haqda Ispaniyaning “Sport” nashri xabar bermoqda. 

Manbaga ko‘ra, “Barselona” futbolchi bilan uning yuqori maoshi tufayli xayrlashishga qarshi emas, ammo Koutino joriy mavsumni Kataloniya klubida yakunlab, shundan keyingina boshqa jamoaga o‘tmoqchi.

Zidan “Qizil iblislar”ni boshqarmoqchi emas

“Real Madrid” sobiq bosh murabbiyi Zinedin Zidan “Manchester Yunayted”ni boshqarishdan bosh tortdi. Bu haqda “AS” nashri xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, “Qizil iblislar” rahbariyati 49 yoshli mutaxassisni murabbiylik lavozimiga ko‘ndirmoqchi, biroq Zidan mankunianliklarning taklifini qabul qilmoqchi emas.

Zizu Manchester shahrida ishlashga qiziqmayapti, chunki u bir kun kelib Fransiya terma jamoasiga bosh murabbiy bo‘lishni niyat qilgan. Ayni damda “uch ranglilar”ning asosiy jamoasini Dide Desham boshqarmoqda va uning shartnomasi Qatarda bo‘lib o‘tadigan JCH-2022 tugagach, yakuniga yetadi.

MMA jangchisi Akmal Hojiyev AQSHda shifokorni o‘ldirib qo‘ydi 

AQSH politsiyasi shifokorni o‘ldirishda gumonlanayotgan aralash jang san’ati (MMA) bo‘yicha rossiyalik jangchi Akmal Hojiyevni hibsga oldi. Bu haqda “Interfaks” yozmoqda.

Tergov shuni ko‘rsatdiki, hodisa koronavirusga qarshi emlash zarurati bo‘yicha kelishmovchiliklar tufayli sodir bo‘lgan. Ko‘tarilgan bahs oxir-oqibat emlashga qarshi bo‘lgan Hojiyevning tajovuzkor harakatlariga olib kelgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

569

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing