AQSHda rus amaldorlari Putinning qulog‘iga “lag‘mon ilayotgani" aytilmoqda
Olam
−
30 mart 2022
20678AQSH rasmiylari Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga rus armiyasi Ukrainada qanchalik yomon harakatlanayotgani va sanksiyalarning mamlakat iqtisodiyotiga ta’siri haqida “noto‘g‘ri ma’lumot” yetkazilmoqda, deb hisoblaydi. Bu haqda CNN amerikalik amaldorga tayanib xabar bergan.
“Biz maslahatchilar Putinga Rossiya armiyasi qanchalik yomon ishlayotgani va sanksiyalar iqtisodiyotga qanday putur yetkazayotgani haqida noto‘g‘ri ma’lumot bermoqda, chunki ular unga haqiqatni aytishdan qo‘rqishadi”, degan AQSH rasmiysi.
Telekanal manbasining qayd etishicha, baholash Amerika razvedkasining maxfiyligi oshkor etilgan xulosalariga asoslanadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlarda Putinning dezinformatsiyadan xabardor bo‘lganini ko‘rsatuvchi ma’lumotlar bor, bu u va Rossiya Mudofaa vazirligining yuqori martabalari amaldorlari o‘rtasida bo‘linishga olib kelgan.
“Bizda Putin rus harbiylari tomonidan aldanganini his qilgani haqida ma’lumotlar bor. Hozir Putin va ... (Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi) o‘rtasida muttasil keskinlik kuzatilmoqda, bu Putinning Mudofaa vazirligi rahbariyatiga ishonchsizligidan kelib chiqadi”, degan amerikalik rasmiy.
Rasmiyning ta’kidlashicha, Putin haqiqatan ham Mudofaa vazirligi “Ukrainada muddatli harbiy xizmatga chaqiriluvchilardan foydalanayotgani va yo‘qotilayotgani”dan xabardor bo‘lmagan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.