AQSH va YeI Rossiya “gardan”idagi sanksiyalarni ko‘paytiradi

Olam

image

Amerika Prezidenti Jo Baydenning Bryusselga bo‘lajak tashrifi ortidan AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiya Federatsiyasiga qarshi qo‘shimcha sanksiyalar kiritadi va mavjudlarini kuchaytiradi. Bu haqda Baydenning milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Jeyk Sallivan ma’lum qildi.  

“U [Bayden] Rossiyaga qarshi keyingi sanksiyalarni qo‘llash va cheklovlarni chetlab o‘tishga qarshi choralar ko‘rish va [ularning] ishonchli bajarilishini ta’minlash uchun mavjud sanksiyalarni kuchaytirishda hamkorlarimizga qo‘shiladi”, deydi Sallivan. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi sanksiyalar ertaga, 24 mart kuni ittifoqchilar bilan Bryusseldagi muhokamalardan so‘ng e’lon qilinadi. Shu bilan birga, Sallivan kelajakdagi cheklovlarning tafsilotlarini oldindan e’lon qilishdan bosh tortgan. 

“Faqat shuni aytamanki, ushbu e’lonning asosiy elementlaridan biri nafaqat yangi sanksiyalar qo‘shish, balki har qanday davlatning Rossiyaga yordam berishga urinishini bartaraf etadigan sanksiyalarni chetlab o‘tishning oldini olish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni ta’minlashga qaratilgan”, deya tushuntirgan Amerika rahbarining yordamchisi. 

Sallivanga ko‘ra, Rossiyaga nisbatan aql bovar qilmaydigan darajada kuchli iqtisodiy bosim yaratilgan. 

O‘z navbatida, Yevropa Ittifoqi davlatlari Ukrainada davom etayotgan inqiroz munosabati bilan Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni muhokama qilmoqda. Bu haqda Fransiya Tashqi ishlar vazirligi Davlat kotibi Kleman Bon ma’lum qilgan. 

“So‘nggi kunlarda biz [Ukrainada] jangovar harakatlar kuchayganini ko‘rdik. Yangi sanksiyalar tez orada ishlab chiqilishi aniq. Hozir bu borada muhokamalar davom etmoqda. Biz keskinlikni pasaytirish alomatlarini ko‘rmayapmiz. Shuning uchun Yevropa Ittifoqi Rossiyaga bosim o‘tkazishda davom etadi”, degan Bon.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

14

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing