AQSH va Buyuk Britaniya Alisher Usmonovga sanksiya joriy qildi
Olam
−
04 mart 2022
6422Kecha, 3 mart kuni kuni Oq uy Rossiya Prezidenti Matbuot kotibi Dmitriy Peskov, rossiyalik tadbirkorlar Yevgeniy Prigojin, Boris va Arkadiy Rotenberglar hamda Alisher Usmonovga qarshi to‘liq blokirovka qiluvchi sanksiyalar joriy etilganini e’lon qildi.
AQSH sanksiyalariga duchor bo‘lgan shaxslar ro‘yxatiga “Rostex” rahbari Sergey Chemezov, VEB.RF raisi Igor Shuvalov va “Transneft” prezidenti Nikolay Tokarev ham kiritilgan. Sanksiyalar ularning oila a’zolariga ham tegishli bo‘ladi.
“Bu shaxslar va ularning oila a’zolari AQSH moliya tizimidan uziladi, ularning Qo‘shma Shtatlardagi aktivlari va mulklari muzlatiladi”, deyiladi Oq uy bayonotida.
Bundan tashqari, AQSH 19 nafar rossiyalik oligarx va ularning 47 nafar oila a’zolari va yaqinlariga nisbatan viza cheklovlari joriy qilmoqda.
“AQSH va butun dunyo rasmiylari Rossiya elitasi vakillari hamda ularning oilalari aktivlarini aniqlash va muzlatish ustida ish olib boradi”, deyiladi bayonotda.
Bundan tashqari, Qo‘shma Shtatlar Rossiya yoki Ukrainada joylashgan va ushbu tuzilmalarda yetakchi rol o‘ynagan yettita rus tashkiloti va 26 shaxsga “dezinformatsiya” uchun blokirovka qiluvchi sanksiyalar kiritadi. Sanksiyalar ostida qolgan tashkilotlar orasida “Strategik madaniyat jamg‘armasi”, “Yevroosiyo ritmi” nashri va “Kamerton” jurnali bor.
AQSH Prezidenti Jo Bayden sanksiyalar ro‘yxatining kengaytirilishiga izoh berib, hozirda 50 dan ortiq tadbirkor va qo‘shimcha ravishda ularning yaqin sheriklariga nisbatan cheklovlar qabul qilinganini ta’kidlagan.
“Bugun biz ro‘yxatga o‘nlab ismlarni qo‘shmoqdamiz va 50 dan ortiq rossiyalik oligarxlar, ularning oilalari va yaqinlarining Amerikaga kirishini taqiqlayapmiz”, deb yozgan u Twitter’dagi sahifasida.
Shuningdek, Buyuk Britaniya ham milliarder Alisher Usmonov va Rossiya Bosh vazirining sobiq birinchi o‘rinbosari, VEB.RF davlat korporatsiyasi raisi Igor Shuvalovga qarshi sanksiyalar joriy qilgan. Cheklovlar Britaniya Tashqi ishlar vaziri Liz Trass tomonidan kiritilgan.
Qayd etilishicha, Usmonovning Angliyaning “Everton” futbol klubi bilan tijoriy aloqalari muzlatilgan.
“Bugun hukumat Buyuk Britaniyada muhim manfaatlarga ega va Kreml bilan yaqin aloqaga ega bo‘lgan ikki yetakchi rus oligarxlari Alisher Usmonov va Igor Shuvalovga nisbatan aktivlarini to‘liq muzlatib qo‘ygani va ularning mamlakatga sayohatini taqiqlaganini e’lon qildi”, deyiladi Britaniya hukumati saytida.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning fevral oyi oxirida Usmonov Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga uchragan edi. U buni asossiz qilingan deb hisoblaydi va bu qarorga e’tiroz bildirishga vada bergan.
Sanksiyalar tufayli u Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi prezidenti sifatidagi faoliyatini to‘xtatgan. “Metalloinvest” xoldingi matbuot xizmati Usmonovga nisbatan shaxsiy sanksiyalar “Metalloinvest” va boshqa USM kompaniyalariga ta’sir qilmasligiga ishontirgan, chunki tadbirkor xolding bosh kompaniyasining 50 foizdan kamiga egalik qiladi.
Shuvalov esa 24 fevral kuni Yevropa Ittifoqi, Kanada va Shveysariya sanksiyalari ostida qolgan.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi