AQSH urushda kim g‘alaba qozonishini aytdi
Olam
−
07 mart 2022 69828 3 daqiqa
AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Ukraina Rossiya bilan urush qancha davom etmasin, g‘alaba qozonishiga ishonch bildirdi. Bu haqda u bugun, 7 mart kuni Vilnyusda Litva Tashqi ishlar vaziri Gabrielyus Landsbergis bilan qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“AQSH va Litva demokratiya, inson huquqlari va qonun ustuvorligiga chuqur sodiqdir. Bu qadriyatlar Rossiya Ukrainaga qarshi urushda tahdid solayotgan umumiy xavfsizligimizning asosini tashkil etadi”, deydi Blinken.
Uning ta’kidlashicha, Litva ko‘p yillar davomida Sovet Ittifoqi istilosida bo‘lgan davlat sifatida milliy suverenitet muhimligini yaxshi tushunadi.
“So‘nggi yillarda Rossiya istiqlol yillarida mustaqil jamiyat shakllangan Litvada demokratik asoslarga zarar yetkazish uchun bir necha bor qadamlar qo‘ydi. AQSH Litvaning NATOga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlaydi”, deydi Davlat kotibi.
Entoni Blinkenning aytishicha, AQSH Ukraina mudofaa qobiliyatini oshirishi uchun Kiyevga yordamni ko‘paytirmoqda.
“Biz Ukraina xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatamiz. Ittifoqchilar potensial tahdidga javob bera olishlari uchun biz umumiy himoyamizni kuchaytirmoqdamiz. Biz bu urushni qo‘llab-quvvatlaganlarni, xususan, Moskvani og‘ir badal to‘lashga majbur qilamiz”, deydi Blinken.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 7 mart kuni Rossiya Federatsiyasi Vazirlar Mahkamasi Rossiyaga, uning kompaniyalari va fuqarolariga nisbatan nodo‘stona harakatlarni amalga oshiruvchi xorijiy davlatlar va hududlar ro‘yxatini tasdiqladi. Ro‘yxat avvalidan AQSH joy olgan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
Live
Barchasi