AQSH Ukrainaga yirik partiyada Stinger va Javelin yetkazib berdi

Olam

image

Vashingtonning Kiyevga harbiy yordami 1 400 dan ortiq Stinger zenit-raketa tizimlarini, 5 000 dan ortiq Javelin tankga qarshi raketa tizimlarini va yuzlab Switchblade snaryadlarini o‘z ichiga oladi. Bu haqda Oq uy matbuot xizmati tarqatgan bayonotda aytiladi.  

“Mart oyida Prezident (Jo Bayden) tomonidan tasdiqlangan ikkita harbiy yordam paketidagi tankga qarshi va havo hujumiga qarshi tizimlarning barchasi yetkazib berildi”, deyiladi hujjatda. 

Unda qayd etilishicha, “ma’muriyat ittifoqchilar va hamkorlar bilan Kiyevga berilishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha qurollarni aniqlash bo‘yicha ishlashda davom etmoqda”. 

“30 dan ortiq davlat Ukrainaga harbiy yordam yubordi, bu qisman bizning diplomatik sa’y-harakatlarimiz tufayli”, deya qo‘shimcha qilgan Oq uy. 

Bayonotda aytilishicha, joriy yilning 24 fevralidan beri AQSHning Ukrainaga harbiy yordamining umumiy miqdori 1,7 milliard dollarga, 2021 yil yanvaridan buyon esa 2,4 milliard dollarga baholanmoqda. U shuningdek, Javelin’dan tashqari 7 mingdan ortiq tankga qarshi tizimlar, 50 million donadan ortiq o‘q-dorilar, 45 ming to‘plam o‘q o‘tkazmaydigan jiletlar va dubulg‘alar, lazerli boshqaruv tizimiga ega raketa tizimlari, artilleriya, dron va minomyotlarga qarshi kurashish uchun radar stansiyalari va boshqalarni o‘z ichiga oladi. 

Bundan tashqari, ushbu yordam Puma dronlari, zirhli transport vositalari, tungi ko‘rish tizimlari va aloqa vositalarini taqdim etishni nazarda tutadi. 

Eslatib o‘tamiz, AQSH Kongressi Senati 6 aprel kuni Kiyevga harbiy yordam ko‘rsatishni soddalashtirish maqsadida Ukrainaga Lend-liz (AQSH Ikkinchi Jahon urushidagi ittifoqchilarini o‘q-dorilar, jihozlar, oziq-ovqat, tibbiy asbob-uskunalar va dori-darmonlar, strategik xomashyo, shu jumladan neft mahsulotlari bilan ta’minlaydigan hukumat dasturi) asosida qurol yetkazib berish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi. 

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

11

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing