AQSH Ukrainaga kerak bo‘lgan narsalarni kerakli vaqtda yetkazib berishini isbotlamoqchi
Olam
−
19 avgust 2022
5915Amerika Qo‘shma Shtatlari yaqinda Ukrainaga 775 million dollargacha bo‘lgan yana bir harbiy yordam paketini yubormoqchi. Bu haqda TASS bugun, 19 avgust kuni Pentagonning yuqori martabali vakiliga tayanib, xabar berdi.
“Biz joriy qilmoqchi bo‘lgan yana bir yirik harbiy yordam paketiga egamiz. Bu bizning Ukrainaga kerak bo‘lgan narsalarni, kerak bo‘lgan vaqtda yetkazib berish an’analarimizni davom ettirishimizdan dalolatdir. Ushbu paket ko‘lamini tez orada e’lon qilamiz, qiymati 775 million dollargacha bo‘lishi kutilmoqda”, degan ismi sir tutilgan Pentagon rasmiysi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, paketga 15 ta “Sky Eagle” past kuzatiluvchi razvedka uchuvchisiz uchish apparatlari, HARM (Yuqori tezlikda harakatlanuvchi anti-radar raketalari), tankga qarshi raketa tizimlari – Javelin va TOW kiradi.
Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Jo Bayden 22 iyul kuni Ukrainaga navbatdagi 270 mln dollarga teng harbiy yordam paketini yetkazish to‘g‘risidagi hujjatni imzolagan edi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi