AQSH Rossiyani yadro qurolini ishlatganlikda ayblamoqchi – Rasmiy Moskva

Olam

image

Amerika Qo‘shma Shtatlar Rossiya tomonini kimyoviy, biologik yoki taktik yadro qurolidan foydalanganlikda ayblash uchun provokatsiyalar tayyorlamoqda. Bu haqda Rossiya Qurolli Kuchlarining radiatsiya, kimyoviy va biologik himoya qo‘shinlari rahbari Igor Kirillov ma’lum qildi.

“Mudofaa vazirligida Amerika Qo‘shma Shtatlari tomonidan Rossiya Qurolli Kuchlarini kimyoviy, biologik yoki taktik yadro qurolidan foydalanganlikda ayblash uchun provokatsiyalar tayyorlanayotgani haqida ma’lumotlar bor”, deydi Kirillov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Rossiyaning Ukraina ustidan g‘alabasiga bo‘lgan reaksiyadir.

“Faqat shu yilning mart-aprel oylarida G‘arb davlatlari rahbariyati muntazam ravishda Rossiyaning ommaviy qirg‘in qurollarini qo‘llashi mumkinligi haqida provokatsion bayonotlar bilan chiqmoqda”, deydi Kirillov.

Shuningdek, u joriy yilning 27 fevral kuni AQSHning BMTdagi doimiy vakili Linda Tomas-Grinfild Rossiya Federatsiyasining Ukraina aholisi va butun dunyoni qo‘rqitish uchun “soxta bayroq ostida” kimyoviy va biologik qurollardan foydalanish niyatida ekanligini ma’lum qilganini eslatib o‘tgan. 

Ta’kidlanishicha, AQSH Davlat departamenti Ukrainaga 400 mingtagacha shaxsiy himoya vositalari, 390 ta razvedka uskunalari va 15 ta "Strayker” razvedka mashinasini topshirish masalasini ko‘rib chiqqan. 

“Biz sizning e’tiboringizni siyosiy maqsadlarga erishish uchun Amerika Qo‘shma Shtatlari tomonidan bu kabi loyihalar bir necha marta amalga oshirilganiga qaratamiz. Axborot provokatsiyasining eng yorqin misoli - AQSH Davlat kotibi Kolin Pauellaning 2003 yil 5 fevraldagi nutqi. Uning qo‘lidagi “kir yuvish kukunining”  probirkasi Iroqqa bostirib kirish uchun bahona bo‘lib, yarim millionga yaqin fuqarolarning o‘limiga sabab bo‘lgan”, deydi Kirillov.

Shuningdek, misol tariqasida u 2017 yilda Suriyadagi “Shayrat” aerodromiga raketa hujumiga sabab bo‘lgan zarin (asab tizimlarini ishdan chiqaruvchi organofosfatli zaharlovchi vosita) ishlatilgani haqidagi provokatsiyani, 2018 yilda esa Barz va Jamrayeda xlor ishlatilgani haqidagi provokatsiyani keltirgan.

Kirillovning so‘zlariga ko‘ra, ushbu voqealar guvohlari Gaaga sudiga Rossiya tomonidan olib kelingani dunyo hamjamiyati ko‘zini ochgan. Bunga qadar ushbu provokatsiyalar uchun hech kim jazolanmagan.

Aytish joizki,  rasmiy Moskvaning AQSH Rossiya tomonini kimyoviy, biologik yoki taktik yadro qurolidan foydalanganlikda ayblash uchun provokatsiyalar tayyorlayotgani haqidagi bayonoti ham ushbu mamlakat haqiqatan ham ommaviy qirg‘in qurolidan kelajakda foydalanishi va buni provokatsiya deb atashidan dalolat berishi mumkin.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Ukrainaga bosqin Rossiya-Ukraina aurushi

Baholaganlar

80

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing