AQSH Rossiyani terrorizm homiylari qatoriga qo‘shmoqchi – Blinken

Olam

image

AQSH ma’muriyati Ukrainadagi voqealardan kelib chiqib, Rossiyani terrorizmga homiylik qiluvchi davlatlar ro‘yxatiga qo‘shish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken kecha, 27 aprel kuni shunday bayonot berdi.

“Biz buni ko‘rib chiqyapmiz. Advokatlar buni o‘rganmoqda”, degan u AQSH Senatining mablag‘lar bo‘yicha qo‘mitasidagi tinglovda Rossiya Federatsiyasini ushbu ro‘yxatga kiritish imkoniyati haqidagi savolga javob berar ekan.

Blinken Rossiya Ukrainada urush boshlab, mamlakat aholisini vahimaga solayotganini aytdi.

“Men, senator, ruslar Ukraina xalqini vahimaga solayotganiga shubha qilmayman”, degan Amerika diplomatiyasi rahbari.

Shu bilan birga, u tegishli milliy qonunchilik mezonlari AQSH ma’muriyatiga Rossiyaga qarshi bu qadamni qo‘yishga imkon beradimi yoki yo‘qligini hozircha ayta olmasligiga aniqlik kiritgan.

“Takror aytaman, ushbu ro‘yxatga kiritish haqiqatan ham qonun talablariga javob berishi uchun advokatlar buni o‘rganishmoqda” degan Blinken.

Bundan tashqari, Davlat kotibining ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlar Rossiya tomonini Ukrainadagi harbiy jinoyatlar uchun javobgarlikka tortish yo‘lida hamma narsani qilish niyatida.

“Biz sodir etilgan jinoyatlar uchun javobgarlikka tortilishiga qancha vaqt kerak bo‘lmasin, qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilish niyatidamiz”, degan diplomat.

Hozirda faqat Eron, Shimoliy Koreya, Kuba va Suriya AQSHda terrorizmga homiylik qiluvchi davlatlar toifasiga kiritilgan.

Ro‘yxat AQSH Davlat departamenti tomonidan tuziladi. Amerika ma’muriyati ro‘yxatdagilarga nisbatan sanksiyalar qo‘llash nuqtai nazaridan keng vakolatlarga ega. AQSH G‘aznachilik departamenti ushbu yuridik va jismoniy shaxslarga, shuningdek, ro‘yxatdagi mamlakatlar bilan savdo qiluvchi davlatlarga qarshi choralar ko‘rishi mumkin.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

8

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing