AQSH Rossiya oltin zaxiralarini blokirovka qilmoqchi
Olam
−
23 mart 2022
7555AQSHning to‘rt nafar senatoridan iborat guruh shu hafta AQSH Moliya vaziri Janet Yellen bilan ikki hafta avval Kongressga kiritilgan qonun loyihasini muhokama qiladi. Unga ko‘ra Rossiya Federatsiyasi Markaziy banki zaxiralaridan oltin bilan operatsiyalarni amalga oshirishda ishtirok etgan shaxslarga nisbatan ikkilamchi sanksiyalar qo‘llaniladi. Bu haqda “Axios” o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
So‘nggi haftalarda qonunchilarning yordamchilari G‘aznachilik bilan hamkorlikda qonun loyihasiga qator o‘zgartirishlar kiritmoqda. Ayrim senatorlar Kongressning yuqori palatasi tashabbusni shu hafta qabul qilishi mumkinligini aytmoqda. Dastlab, ular buni AQSH federal hukumati tomonidan katta moliyalashtirish paketiga kiritmoqchi edilar.
Qayd etilishicha, avvalroq xuddi shunday qonun loyihasi Kongress Vakillar palatasiga ham kiritilgan. AQSH prezidenti Jo Bayden ham qonun chiqaruvchilar qanday qaror qabul qilishidan qat’i nazar, bunday sanksiyalarni qo‘llash vakolatiga ega.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 8 mart kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Jozef Bayden Vashington Rossiyadan barcha turdagi energiya importiga taqiq qo‘yishini ma’lum qildi. AQSH Kongressining Vakillar palatasi 9 mart kuni Rossiyadan energiya resurslari importini taqiqlash va AQSH rasmiylari tomonidan Rossiyaning Jahon savdo tashkilotidagi (JST) ishtirokini to‘xtatish bo‘yicha choralar ko‘rish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi.
Oradan uch kun o‘tib, AQSH Rossiyadan alkogollik ichimliklar, nosanoat olmoslar va dengiz mahsulotlari importini taqiqladi. Hujjatda Rossiyada ishlab chiqarilgan baliq, dengiz mahsulotlari, ulardan tayyorlangan mahsulotlar, spirtli ichimliklar, nosanoat olmos va Moliya vazirligi tomonidan belgilanadigan har qanday tovarlarni AQSHga olib kirish taqiqlandi.
Shuningdek, 8 mart kuni dunyoning eng yirik neft va gaz kompaniyalaridan biri Shell Rossiya neft va gazidan foydalanishni bosqichma-bosqich to‘xtatayotganini ma’lum qildi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi