AQSH Rossiya armiyasi va razvedkasini kuchsizlantiradigan sanksiyalar kiritadi
Olam
−
26 mart 2022
11094Amerika Qo‘shma Shtatlari Rossiya Federatsiyasi razvedka xizmatlari va harbiylariga xizmat va tovarlar yetkazib beruvchi rus kompaniyalariga qarshi sanksiyalar joriy etish niyatida. Bu haqda “The Wall Street Journal” xabar bergan.
Ta’kidlanishicha, yangi sanksiyalar kelasi hafta boshidayoq e’lon qilinishi mumkin. Vashington cheklovlari ostida qoladigan korxonalar qatorida ishlab chiqarish uchun asbob-uskunalar va jihozlar yetkazib berishga ixtisoslashgan “Sertal” kompaniyasi, shuningdek, mikroelektronika sohasida o‘lchov va tadqiqotlar uchun asbob-uskunalar ishlab chiqadigan va yetkazib beradigan “Serniya injiniring” ham bor.
Qayd etilishicha, Vashington yangi cheklov choralarini joriy qilmoqchi bo‘lgan kompaniyalarning aksariyati allaqachon AQSH Savdo vazirligining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan, bu kompaniyalarga xorijiy texnologiya va uskunalarni sotib olishni taqiqlagan, ammo endi AQSH Moliya vazirligi tomonidan qo‘shimcha cheklovlar joriy etiladi. Bu korxonalar uchun xorijda moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishni qiyinlashtiradi.
Shuningdek, AQSH hukumati “Vektor” tadqiqot instituti, “Mikron” OAJ va “T-Platformi”ga qarshi sanksiyalarni ham ko‘rib chiqmoqda.
Ta’kidlanishicha, bunday sanksiyalar paketi ko‘pincha keyinroqqa qoldirilgan va tegishli idoralar o‘rtasidagi kelishuvdan so‘ng ularning ro‘yxati qisqartiriladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 24 mart kuni AQSH hukumati Rossiya harbiy-sanoat majmuasining 48 ta kompaniyasiga nisbatan sanksiyalar joriy qilgani xabar qilingandi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi