AQSH razvedkasi Ukraina Kremlga zarba berishini prognoz qildi
Olam
−
12 aprel 2023
14607AQSH harbiy razvedkasi Ukrainaning Kremlga zarba berishi ssenariylarini o‘rgandi. Bu haqda Pentagonning internetga tarqalib ketgan hujjatlariga tayanib, “The New York Times” xabar berdi.
Mudofaa razvedkasi tomonidan ishlab chiqilgan hujjatda to‘rtta ssenariy va ularning Ukrainadagi urushga qanday ta’sir qilishi tahlil qilingan. Gipotetik ssenariylar Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning o‘limi, Rossiya Qurolli kuchlari tarkibidagi rahbariyatning chetlatilishi va Ukrainaning Kremlga zarbasini o‘z ichiga oladi.
Hujjatga “RELIDO” belgisi qo‘yilgan bo‘lib, bu ma’lumotni faqat tegishli yuqori lavozimli amaldorgina xorijiy hamkorlarga berishi mumkinligini anglatadi. Shuningdek, unda 24 fevral sanasi va “BIR YIL” yozuvi ham keltirilgan. Bu esa tahlil to‘liq miqyosli bosqin boshlanganidan bir yil o‘tgach, amalga oshirilganini ko‘rsatadi.
To‘rtta taxminiy ssenariylardan biri, agar Ukraina Kremlga zarba bersa nima bo‘lishi mumkinligi haqida bo‘lib, unda potensial oqibatlarning keng doirasi aniqlangan. Unga ko‘ra, voqea keskinlashuvga olib kelishi mumkin, Putin jamoatchilik noroziligiga javoban keng ko‘lamli harbiy safarbarlikni boshlab, taktik yadro qurolini qo‘llash masalasini ko‘rib chiqadi. Yoki jamoatchilik qo‘rquvi uni urushni hal qilish bo‘yicha muzokara olib borishiga olib kelishi mumkin.
Ukrainaning bunday hujumi xavfi Qo‘shma Shtatlarning Kiyevga uzoq masofali raketalar berishni istamasligining sabablaridan biridir. Bayden ma’muriyati Ukraina tomonidan Moskvaga zarba berilishi Rossiya tomonidan keskin eskalatsiyaga olib kelishidan qo‘rqadi.
Ajablanarli tarafi shundaki, AQSH rasmiylari shu paytgacha internetga sizdirilgan hujjatlarning haqiqiyligini na tasdiqlagan, na rad etgan. Pentagon ularning qanday qilib internetda tarqalib ketganini o‘rganayotganini ma’lum qilgan, xolos.
Eslatib o‘tamiz, AQSHning Ukraina, Yaqin Sharq va Xitoyga nisbatan siyosatining asl sabablarini ochib beruvchi jami yuzga yaqin maxfiy hujjat internetga sizdirilgandi. AQSH rasmiylari dastlab, buning ortida Rossiya turganini aytgan bo‘lsa, keyinchalik hujjatlar qalbaki ekanini ta’kidlagandi. Hujjatlarda Pentagon rahbari Lloyd Ostin AQSH havo kuchlari uchuvchilariga Qrimga yaqin uchmaslikni buyurgani, Rossiyaga sanksiya kiritishdan bosh tortgan Yevropadagi yagona davlat — Serbiya Kiyevga qurol yetkazib berishga rozi bo‘lgani yoki allaqachon yuborgani, AQSH razvedkasi Janubiy Koreya rasmiylarining telefon suhbatlari hamda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning uchrashuvlardagi suhbatlarini tinglagani ochiqlangandi.
LiveBarchasi