AQSH Xitoyni Rossiyaga yordam berish oqibatlaridan ogohlantirdi
Olam
−
19 iyul 2022
11501Xitoy Rossiyaga qurol yetkazib berishi yoki sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam ko‘rsatishi Pekin uchun juda og‘ir oqibatlarga olib keladi. Bu haqda AQSH Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays kecha, 18 iyul kuni bo‘lib o‘tgan brifingda aytib o‘tdi.
“Rasmiy Moskvaga qarshi misli ko‘rilmagan sanksiyalar, eksport nazorati yoki boshqa moliyaviy choralarni chetlab o‘tishda yordam berish rasmiy Pekinga qimmatga tushadi. Shu bilan birgalikda bugungi kunga qadar Qo‘shma Shtatlar va uning Ittifoqchilari Xitoyning Rossiyaga qarshi sanksiyalarni "tizimli aylanib o‘tish" yoki Moskvani harbiy mahsulotlar bilan ta’minlashda ishtirok etayotganini ko‘rmayapti. Ammo biz diqqat bilan kuzatamiz”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Eslatib o‘tamiz, Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I Vengriya Tashqi ishlar vaziri Peter Siyarto bilan telefon orqali muloqot ichog‘ida Xitoy Hukumati bundan buyon Rossiya va Ukraina mojarolarini chetdan tomoshabin sifatida kuzatmoqchi emasligi haqida aytib o‘tgandi.
“Mamlakatimiz Ukrainadagi inqirozli vaziyatga aloqador tomonlardan biri emas, lekin biz orqada o‘tirib, nima bo‘layotganini tashqaridan passiv kuzatish niyatida emasmiz”, degandi Van I.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
Abdulvohid Yoqubov
LiveBarchasi