“Aflotun do‘stim, lekin haqiqat azizroq”. To‘qayev Nazarboyevchilarga “signal” berdi...mi?

Olam

image

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev mamlakat boshqaruvida u haqiqatni do‘stidan ham yuqori tutishini ma’lum qildi va shu orqali Birinchi Prezident Nursulton Nazarboyev hamda uning yaqinlariga o‘ziga xos ishora bergandek bo‘ldi. Bu haqda u badavlat qozoq tadbirkorlari bilan uchrashuvda aytib o‘tgan.

“G‘ayriqonuniy, noaniq, oshirilgan narxlar – bu faktlarni zudlik bilan hal qilish kerak. Boshqa iloj yo‘q. Men oxirgi marta bir oy vaqt beraman. Agar yechim topilmasa, qattiq qarorlar qabul qilinadi. Umid qilamanki, “Aflotun mening do‘stim, lekin haqiqat azizroq” formulasi men uchun asosiy, maqsadli qadriyatga ega ekanligiga hamma ishonch hosil qildi. Bu barcha masalalarga taalluqli. Men uchun biror kim bilan yaxshi munosabatlardan ko‘ra davlat manfaati baland”, degan To‘qayev.

Shuningdek, u agar davlatga kerak bo‘lsa, juda qiyin qarorlar qabul qilishga tayyor ekanini va shunday qilganini ta’kidlagan.

“Kelajakda ham shunday qarorlarni qabul qilaman”, degan To‘qayev gap nima haqida ketayotganiga izoh bermasgan holda.

Ma’lumot uchun, To‘qayev uchrashuv davomida mamlakatdagi imtiyozlardan elita qatlam juda ustaomonlik bilan foydalanayotganini va yanada boyiyotganini urg‘ulagan. Shuningdek, mamlakat aholisi daromadlari pastligini xavfsizlik uchun jiddiy tahdid deb baholagan.

Qozog‘istonda namoyishlar 

Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.    

Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.    

Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, 5 yanvar kuni Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200 dan ortiq kishini qo‘lga oldi.  

5 yanvar kuni, shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi. Shuningdek, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Uning o‘rnini Prezident To‘qayev egalladi.

Bu orada ijtimoiy tarmoqlarda Nazarboyev va uning oilasi mamlakatni tark etgani, jiyani Samat Abish hibsga olingani haqida xabarlar tarqaldi. Biroq bularning hech biri isbotini topmadi. Shundan so‘ng, Elboshining Matbuot kotibi Aydos Ukibay Nazarboyev mamlakat poytaxtida bo‘lib turganini ma’lum qildi.

Shuningdek, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Karim Masimov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Yermek Sagimbayev egalladi.

Qozog‘istonda butun mamlakat bo‘ylab 19 yanvargacha favqulodda holat joriy etildi. Shuningdek, shu kunlarda soat 23:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati amalda bo‘ladi.

Prezident Respublika Saken Isabekovni davlat qo‘riqlash xizmati rahbari etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB) mamlakatga cheklangan muddatga tinchlikparvar kuchlarni kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi


Maqola muallifi

Teglar

Qosim-Jomart To'qaev

Baholaganlar

194

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing