600 dan ortiq ukrainalik va 3 ta samolyot yo‘q qilindi – Rossiya Mudofaa vazirligi

Olam

image

Rossiya Qurolli Kuchlari Ukrainaning 3 ta samolyoti va 600 dan ortiq odamini yo‘q qildi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi rasmiy vakili general-mayor Igor Konashenkov brifingda ma’lum qildi.

“600 dan ortiq ukrainaliklar va 61 ta qurol-yarog‘ va harbiy texnika yo‘q qilindi. Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari Ukraina harbiy-havo kuchlarining uchta samolyotini urib tushirdi: bitta Su-24 Zmeiniy oroli yaqinida, bitta Su-27 Xerson viloyati Ingulets qishlog‘i yaqinida va bitta Su-25 Dnepropetrovskning Koshevoye qishlog‘i yaqinida”, deydi Konashenkov.

Shuningdek, Mudofaa vazirligi vakili tunda Ukrainaning 14 ta uchuvchisiz uchish apparati, shu jumladan Zmeiniy oroli hududida bitta Bayraktar TB2 yo‘q qilingani va “Smerch” baravariga reaktiv otish tizimining ikkita raketasi tutib olingani haqida ma’lum qilgan. 

Konashenkovning aytishicha, Kirovograd yaqinidagi harbiy aerodromda havodan uchirilgan yuqori aniqlikdagi raketalar aviatsiya texnikasi, Nikolayev shahridagi yirik o‘q-dorilar ombori va Jovtnevoyedagi Ukraina harbiy texnikasi uchun yoqilg‘i saqlanadigan omborni yo‘q qilgan.

Bundan tashqari, Ukraina Qurolli Kuchlarining 17-alohida tank brigadasining qo‘mondonlik punkti, to‘rtta ishchi kuchi va harbiy texnika to‘plangan hududga, shuningdek Kramatorsk yaqinidagi harbiy aerodromdagi ikkita harbiy texnika omboriga zarbalar berilgan.

Rossiya operativ-taktik va armiya aviatsiyasi Ukraina ishchi kuchi hamda harbiy texnikasi jamlangan 93 ta hududga hujum qilgan. 

“Kechasi raketa kuchlari Ukraina Qurolli Kuchlarining ikkita qo‘mondonlik punkti, o‘q otish holatidagi artilleriya batareyasi, shuningdek “Tochka-U” taktik-raketa majmuasining ikkita uchirish moslamasi va bitta transport-yuk ortish mashinasiga zarba berdi”, deydi Koneshenkov. .

Artilleriya bo‘linmalari 32 ta qo‘mondonlik punktiga, beshta o‘q-dorilar omboriga, 403 ta mustahkam qarorgohga, ishchi kuchi va harbiy texnika to‘plangan hududlarga hamda Ukraina artilleriyasining 51 ta pozitsiyasiga hujum qilgan.

Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Ukrainada urush boshlangandan beri quyidagilar yo‘q qilingan:

149 samolyot,

112 vertolyot,

726 ta uchuvchisiz uchish apparatlari,

288 zenit-raketa tizimlari,

2834 tanklar va boshqa zirhli jangovar mashinalar,

325 yalpi reaktiv hujum tizimlari,

1306 dala artilleriyasi va minomyotlari,

2646 dona maxsus harbiy texnika.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.

 

 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

17

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing