23 mamlakat Yevropa sudiga Rossiyaga qarshi da’vo kiritdi

Olam

image

23 davlat Ukrainaning Rossiyaga qarshi da’vosini ko‘rib chiqishda uchinchi shaxs sifatida qabul qilish uchun Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudiga ariza topshirdi. Bu haqda bugun, 23 sentyabr kuni Strasburg sudi ma’lum qildi. Ukraina hukumati Rossiyani harbiy tajovuz munosabati bilan inson huquqlarini ommaviy va qo‘pol ravishda buzganlikda ayblamoqda. 

Sud jarayonida ishtirok etishga tayyor 23 hukumat orasida Bolgariya, Gretsiya, Malta, Vengriya va Kiprdan tashqari barcha Yevropa Ittifoqi davlatlari bor. 

Ro‘yxatda Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lmagan davlatlardan Norvegiya bor.

Bundan tashqari, Jeneva Xalqaro gumanitar huquq va inson huquqlari akademiyasi nohukumat tashkilot sifatida akkreditatsiyadan o‘tishga intilmoqda. Sud ma’lumotlariga ko‘ra, Islandiya va Buyuk Britaniya ariza berishni ko‘rib chiqmoqda. Ishtirokchi davlatlar yoki ariza beruvchi bo‘lmagan va jarayonda uchinchi shaxs sifatida ishtirok etishga ruxsat berilganlar yozma mulohazalar taqdim etishlari mumkin. 

Garchi 16 sentyabrdan boshlab Rossiya Yevropa Kengashidan chiqarilganligi sababli Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa konvensiyasi (IHEK)ning a’zosi bo‘lmasa ham, IHEK Rossiya tomonidan ushbu sanagacha sodir etilgan jinoyatlarni ko‘rib chiqishi mumkin. 

Ukraina 23 iyun kuni Strasburgda sudga murojaat qildi. Da’vo Ukraina hududidagi harbiy harakatlar jarayonida Rossiya Federatsiyasi tomonidan sodir etilgan inson huquqlarining ommaviy va jiddiy buzilishiga tegishli. Kiyev hukumati minglab tinch aholini o‘ldirish, yaralash, hibsga olish yoki bedarak yo‘qotish, yuz minglab mulkni vayron qilish va millionlab odamlarni uylarini tashlab ketishga majbur qilishda rus qo‘shinlari va Rossiya nazoratidagi boshqa qurolli kuchlarni ayblaydi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin Evropa sudi

Baholaganlar

34

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing