130 ta jangovar samolyot to‘liq shay holatda – NATO rahbari Rossiyani tahdidomuz ogohlantirdi

Olam

image

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Rossiyani Ukraina tinch aholisiga hujum qilishda ayblab, bu kabi harakatlar urush jinoyati ekanligini ta’kidladi. 

Alyans rahbari bugun, 8 mart kuni Bryusselda Latviya Prezidenti Egils Levits bilan muzokaralar yakunida jurnalistlarning savollariga javob bergan. 

Uning ta’kidlashicha, Rossiyaning Ukrainaga qarshi hujumi boshlanganidan beri ko‘p sonli tinch aholi vakillari halok bo‘lgan, ikki million nafargacha aholi qochqinga aylangan.

“Yevropa Ikkinchi jahon urushi tugaganidan beri eng katta migrantlar inqiroziga duch kelmoqda. Tinch aholi hatto evakuatsiya qilingan paytda ham o‘qqa tutilmoqda. Bunday harakatlar urush jinoyati hisoblanadi. Bu qabul qilinishi mumkin emas. Gumanitar yo‘laklarni to‘liq ta’minlash muhim”, deydi u. 

Shu bilan birga, u urush Ukrainadan tashqariga ham tarqalmasligi uchun barcha tomonlar mas’ul ekanini uqtirgan.

“Hodisalarning bunday rivojlanishi xavfliroq va halokatli bo‘lishi mumkin. Vaziyat nazoratdan chiqib ketishi mumkin”, deya ogohlantirgan Stoltenberg. 

Bosh kotib Rossiyaning agressivligiga javoban NATO sharqiy qanotdagi qudratini kuchaytirganini eslatgan.

“130 ta jangovar samolyot to‘liq shay holatda. Shimoldan O‘rta yer dengiziga 200 ta harbiy kemalar joylashtirilgan. Mintaqaga minglab harbiy xizmatchilar safarbar etilgan”, deydi u Rossiyani ogohlantirib. 

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Rossiya-Ukraina urushi

Baholaganlar

290

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing