Putinning xos odamlari o‘lyapti. Jurnalistni kim nega portlatib yubordi?

Olam

Rossiya portlatib yuborilgan jurnalistni so‘nggi manzilga kuzatdi (fotoreportaj) north_east

Rossiya portlatib yuborilgan jurnalistni so‘nggi manzilga kuzatdi (fotoreportaj)

Rossiyaning Moskva viloyatida rus faylasufi Aleksandr Duginning qizi, harbiy jurnalist va siyosatshunos, hali 30 yoshni ham qarshilamagan Darya Duginaning mashinasi portlab ketdi, to‘g‘rirog‘i portlatib yuborildi. Oqibatda jurnalist vafot etgan. 

Malum bo‘lishicha, 20 avgust kuni Aleksandr Dugin va uning qizi Darya Prezidentning Madaniy tashabbuslar jamg‘armasi, Moskva viloyati Madaniyat va turizm vazirligi hamda Odinsovo ma’muriyati tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan “An’ana” vatanparvarlik festivalida qatnashgan. Tadbir tugagandan so‘ng, Dugin va qizi birga ketishi kerak bo‘lgan, biroq ma’lum bir sabablarga ko‘ra, ular boshqa-boshqa mashinalarda yo‘lga chiqishgan.

Harbiy jurnalist Darya Duginaning vafotiga oid xabarlar dayjestini yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ'ning YouTube'dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, Darya Duginaga tegishli Toyota Land Cruiser  avtomobili harakatlanib ketayotgan vaqtida portlagan. Dastlab hodisaga mashina gaz ballonining portlashi sabab bo‘lgani aytilgan, biroq keyinchalik huquq-tartibot idoralari xodimlari qo‘lbola portlovchi qurilma mashina tagiga o‘rnatilganini aytgan. 

Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi markaziy apparati qotillik bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan. 

“20 avgust kuni soat taxminan 21:00 larda Odinsovo shahar okrugida katta tezlikda trassada Toyota Land Cruiser  rusumli avtomobilga o‘rnatilgan portlovchi qurilma ishga tushdi va keyin mashina portlab ketdi. Yong‘in sodir bo‘ldi. Haydovchi voqea joyida vafot etdi. Marhumning shaxsi aniqlandi – bu jurnalist va siyosatshunos Darya Dugina”, deyiladi tergov qo‘mitasi xabarida

Keyinchalik tan olinmagan Donetsk xalq respublikasi rahbari Denis Pushilin o‘zining Telegram'dagi sahifasida Darya Duginaning o‘limida Ukrainani ayblab, post qoldirgan. 

“Ukraina rejimining terrorchilari Aleksandr Duginni yo‘q qilishga urinib, uning qizini mashinada portlatib yuborishdi”, deb yozgan Pushilin. 

Ukraina Prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak holatga munosabat bildirib, ayblovlarni rad etgan. 

“Men Ukrainaning bunga hech qanday aloqasi yo‘qligini ta’kidlayman, chunki biz Rossiya Federatsiyasi kabi jinoiy davlat emasmiz, hatto, terrorchi davlat ham emasmiz”, deydi Podolyak. 

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin halok bo‘lgan jurnalist Darya Duginaning oilasiga hamdardlik bildirdi.

Putinga ko‘ra, yomon, shafqatsiz jinoyat Darya Duginaning hayotini qisqartirdi. U Duginaga chinakam rus qalbiga ega yorqin iste’dodli shaxs – mehribon, muhabbatga boy, ko‘ngilchan va ochiq deb ta’rif bergan.

“Jurnalist, olima, faylasuf, harbiy muxbir, u xalqqa, Vatanga halol xizmat qildi, Rossiya vatanparvari bo‘lish nimani anglatishini amalda isbotladi”, deb yozadi Prezident o‘z maktubida.

Shuningdek, Putin marhumani “Jasorat” ordeni bilan taqdirladi

22 avgust kuni Rossiya Federatsiyasi Federal xavfsizlik xizmati jamoatchilik bilan aloqalar markazi jurnalist Darya Duginaning qotilligi fosh etilgani, jinoyat Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan tayyorlanib, sodir etilgani va uning ijrochisi – Ukraina fuqarosi 1979 yilda tug‘ilgan Natalya Pavlovna Vovk ekanini aniqlagan. 

U 2010 yilda tug‘ilgan qizi Shaban Sofiya Mixaylovna bilan joriy yilning 23 iyul kuni Rossiyaga kelgan. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, qotillik sodir bo‘lgan kuni Vovk va Shaban "An’ana" adabiy va musiqa festivalida bo‘lishgan, u yerda Dugina faxriy mehmon sifatida ishtirok etgan. 21 avgust kuni Dugina boshqaruvidagi Toyota Land Cruiser avtomobilining boshqariladigan portlashidan so‘ng, Vovk va uning qizi Pskov viloyati orqali Estoniyaga jo‘nab ketgan.

Maxfiy xizmatning aniqlik kiritishicha, Duginaning o‘ldirilishini uyushtirish va uning turmush tarzi haqida ma’lumot olish maqsadida Vovk va uning qizi Moskvada marhum yashagan uydan kvartira ijaraga olgan. Ular jurnalistni kuzatish uchun Mini Cooper avtomobilidan foydalangan, shu bilan birga, Rossiyaga kirishda (tan olinmagan) Donetsk Xalq Respublikasi raqamlari ishlatilgani aytilmoqda. Huquq-tartibot idoralari Natalya Vovkni Rossiyaga ekstraditsiya qilish maqsadida qidiruvga berilishini ma’lum qilgan.

Duginaning otasi Aleksandr Dugin qizining o‘limi haqida gapirarkan, “Rossiya xalqini sindirib bo‘lmaydi, shuning uchun Darya Duginaning qotillari o‘z maqsadlariga erisha olmaydi”, degan.

U fevral oyida Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaga kirishini va uning deyarli barcha hududini bosib olishni yoqlab chiqqan. Darya Dugina esa ijtimoiy tarmoqlarda otasining g‘oyalari bilan o‘rtoqlashgan. Otasi bilan birga u Buyuk Britaniya va Avstraliyaning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan.

Duginaning vafotiga nisbatan ko‘plab xorijiy mamlakatlar qatori AQSH Davlat departamenti ham munosabat bildirdi. 

Davlat departamenti matbuot xizmati rahbari Ned Praysga ko‘ra, “Ukraina Duginaga qilingan hujumga aloqadorligini inkor etadi”. 

Shuningdek, u Oq uy Kiyevda, Buchada, Xarkovda, Kramatorskda, Mariupolda yoki Moskvada tinch aholiga qilingan hujumlarni so‘zsiz qoralashini, bu tamoyil butun dunyoda amal qilishini aytgan.  

U so‘zida davom etib, ruslar bo‘lib o‘tgan voqeadan xulosa chiqarishiga shubha qilmasligini qistirib o‘tgan. 

Birlashgan Millatlar Tashkiloti rossiyalik jurnalist va jamoat arbobi Darya Duginaning o‘ldirilishi bo‘yicha barcha faktlarni aniqlashga chaqirdi.

Bugun, 23 avgust kuni Dugina bilan vidolashish marosimi o‘tkazildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Dar'ya Dugina Aleksandr Dugin

Baholaganlar

133

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing