Faylasufmi va fantast? O‘zbekiston mustaqilligi rad qilgan Dugin javobini oladi

Tahlil

Yana bir Rossiyalik propogandist Markaziy Osiyo mamlakatlarining mustaqiligiga shubha bilan qaramoqda.

Yaqindagina Rossiyalik teleboshlovchi Vladimir Solovyovning Rossiya Armaniston va Markaziy osiyo davlatlariga hujum qilishi kerakligi haqidagi fikrini jamoatchilik hazm qilishga ulgurmagan edi. Bu g‘ala-g‘ovurni kutilganidek Rossiya tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarova bostirishga urunib, buni shunchaki jurnalistning shaxsiy fikri deb aytib, uni siyosat bilan bog‘lamaslikka chaqirgan. Biroq oradan mana hech qancha vaqt o‘tmay, ya’ni Solovyov yoqqan olovni Zaxarova o‘chirib olmasdan turib yana bir “Rus dunyosi” mafkurasining asoschilaridan biri hamda kremlparast propagandist Aleksandr Dugin O‘zbekiston va boshqa sobiq SSSR tarkibidagi respublikalarning mustaqilligini ochiqdan ochiq inkor etdi.

Dugin ham Solovyov kabi Armaniston va Markaziy Osiyo mamlakatlarini Rossiya nazoratidagi hudud sifatida tilga olib, ular yoki bizning ittifoqimizning bir qismiga, yoki G‘arbning plastdarmiga, ya’ni G‘arbning nazoratidagi hududga aylanishi mumkinligini aytdi. Uning fikricha, zamonaviy dunyoda suveren milliy davlatlar yakuniga yetgan.

“Suveren Armaniston, Gruziya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, suveren O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistonning mavjudligini qabul qilib bo‘lmaydi. Yangi voqelikda hech qanday suverenitetga o‘rin yo‘q. Ular yoki biz tomonimizda, yagona ittifoqimiz tarkibida bo‘ladi yoki G‘arb, Yevropa Ittifoqi, Amerika uchun, ayrim holatlarda esa Xitoy uchun tayanch maydonga aylanadi”, degan u.

Shuningdek, u uch qutubli dunyo haqidagi qarashlarni ilgari surib, Rossiyani AQSH hamda Xitoy qatorida sanadi.  Bu tizimda Rossiya “kuch markazi”ga aylanib, atrofidagi hududlar ustidan nazoratni kuchaytirishi kerakligini ham alohida ta’kidladi. Uning fikricha, Markaziy Osiyo hamda Kavkaz davlatlari Rossiya nazoratidan tashqarida qolsa, mustaqil va neytral yo‘l tutib, ya’ni Shveysariyaga o‘xshash tinch davlatga aylana olmaydi.

 “Bizning maqsadimiz uch qutbli dunyoda eng muhim kuch markazlaridan biriga aylanish: suveren, erkin, mustaqil va ulkan davlat bo‘lish. Biz nazoratga olmagan barcha hududlar neytral bo‘lib qolmaydi. Ya’ni, tinch va osoyishta “Shveysariya”ga aylanmaydi. Aksincha, ular boshqa qutblarning, eng avvalo AQSH boshchiligidagi yanada mojaroli qutbning tayanch nuqtasiga aylanadi”, deya qo‘shimcha qilgan u. 

Qisqasini aytganda, Dugin “Agar siz qo‘l ostimizga o‘tmasangiz, dushmanning qo‘lida qolasiz”, degan fikrni ilgari surgan.

Aleksandr Dugin o‘zi kim?

Aleksandr Duginning mintaqa malakatlarining suverenitetiga bunday ochiq-oydin tajovuz qilishi yangilik emas. Aslini olganda, u o‘zining imperialistlik fikrlari, davlatlar suverenitetini inkor qilishi va agressiv ritorikasi sabab tanqidlar markazidan tushmaydi. U liberal G‘arb modeliga qarshi “yevrosiyochilik sivilizatsiyasi” g‘oyasini ilgari surib keladi. Ushbu mafkurada, Rossiyani alohida va ustun tarixiy makon deb tasvirlaydi. Uning ta’siridagi boshqa xalqlar va davlatlar ikkinchi darajali sub’ektlar sifatida ta’riflanadi. Dugin rasmiy davlat lavozimida ishlamasa-da, ko‘plab tahlilchilar uning fikrlari Kremlning qarorlarida aks etishini ta’kidlab keladi.

Yodingizda bo‘lsa, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi ziddiyatlarda ham Dugin e’tibordan chetda qolmagan. U Rossiyaning Ukrainaga qarshi siyosatini ideologik asoslashga uringan. Ukraina bilan g‘alabaga erishmasdan tinchlik shartnomasini tuzish Rossiya uchun mag‘lubiyatga teng degan fikrni bildirgan va Rossiyaning Ukrainaga to‘liq miqyosda bostirib kirishining ashaddiy tarafdori bo‘lgan. Faylasufning Ukraina suverenitetiga qarshi keskin fikrlari asr boshidan beri yangrab keladi. Shu sabab, 2006 yil iyun oyidan boshlab Ukraina hududiga kirishga besh yillik taqiqini ham olgan  va Kiyev 2007 yilda uni “persona non grata” deb e’lon qilgan. 

Biroq, shu bilan Dugin va Ukraina o‘rtasidagi ziddiyat yakunlanmagan. 

2022 yil 20 avgust kuni Aleksandr Dugin o‘tirishi kerak bo‘lgan avtomobil portlatib yuborilishida ham ukrainaliklar aybdor sifatida ko‘rsatilgan. Biroq, rasmiy Ukraina buni tan olmagan. Hodisa oqibatida rus propagandistining 29 yoshli qizi — jurnalist Darya Dugina halok bo‘ldi. Taxminlarga ko‘ra, suiqasd Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan uyushtirilgan, nishonda esa faylasufning o‘zi bo‘lgan.

Voqea tafsilotlariga ko‘ra, 20 avgust kuni Aleksandr Dugin va uning qizi Darya Prezidentning Madaniy tashabbuslar jamg‘armasi, Moskva viloyati Madaniyat va turizm vazirligi hamda Odinsovo ma’muriyati tomonidan qo‘llab-quvvatlangan “An’ana” nomli vatanparvarlik festivalida qatnashgan. Tadbir yakunlangach, Dugin va qizi birga ketishi kerak bo‘lgan, biroq noma’lum sabablarga ko‘ra, ular turli avtomobillarda yo‘lga chiqqan.

Dastlab portlashga mashinadagi gaz ballonining nosozligi sabab bo‘lgani aytilgan. Biroq, keyinchalik huquq-tartibot idoralari xodimlari avtomobil tagiga qo‘lbola portlovchi qurilma o‘rnatilganini ma’lum qilgan.

Rossiya Federal xavfsizlik xizmatiga ko‘ra, Darya Duginaning o‘ldirilishini Ukraina maxsus xizmatlari tayyorlagan. Biroq, Kiyev buni inkor qilgan bo‘lsa-da, keyinchalik, jinoyat Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan tayyorlanib, sodir etilgani va uning ijrochisi Ukraina fuqarosi 1979 yilda tug‘ilgan Vovk Natalya Pavlovna ekanini aniqlagan.

Aleksandr Dugin O‘zbekiston suverenitetini savol ostiga olgan yagona taniqli shaxs emas. So‘nggi paytlarda Rossiya tomonidan Markaziy Osiyo davlatlarining mustaqilligiga nisbatan sovuq fikrlar ijtimoiy tarmoqlarda urchib ketdi. Xususan, 10 yanvar kuni rossiyalik teleboshlovchi, Kremlga yaqin yana bir propagandist Vladimir Solovyov o‘zining jonli efirida Ukraina hududiga uyushtirilgan “maxsus harbiy amaliyot”ni “Rossiya ta’sir doirasidagi boshqa hududlarda” ham, jumladan Markaziy Osiyo davlatlari va Armanistonda o‘tkazish zarurligini aytgandi.

Voqeadan so‘ng Armaniston Tashqi ishlar vazirligi Rossiya elchisi Sergey Kopirkinni chaqirtirib, unga norozilik notasini topshirgan edi. Armaniston buni “suverenitetga tajovuz” deb baholagan. Biroq, O‘zbekiston TIV esa masala yuzasidan doimgidek sukut saqlagan.

Yaxshiyamki, O‘zbekistonda jamoatchilik vakillari Solovyovning fikriga munosib javob qaytardi. Xususan, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov Solovyovning chiqishlariga munosabat bildirib, uning gaplarini “safsata”, o‘zini esa “nusxa” deb atadi. 

“Solovyovning gaplariga tupurdik, uning imperiyalistik ambitsiyalariga ham tupurdik. Biz unga so‘zma-so‘z tarjimada shunday ma’noni beradigan o‘zbekcha iborani o‘rganishni tavsiya qilamiz: borib, o‘z bulbuling bilan o‘yna”, deydi Bekmurodov.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov esa o‘zining Telegram kanalida Solovyovning chiqishlarini “bepusht” deya baholab, buni uning chorasizligi va majruhlik darajasidan dalolat ekanini yozgan. Uning ta’kidlashicha, rus shovinistlarining bunday bayonotlari yangilik emas.

“O‘zbekistonda o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish hamda barcha Hamdo‘st davlatlar bilan xalqaro huquqning e’tirof etilgan tamoyillari asosida hamkorlik qilish davlat siyosatining ustuni bo‘lib qolaveradi. 

Rossiya OAVlarida tinmayotgan bayonotlar ikki davlat o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasidagi munosabatlar ruhiga nafaqat zid, balki buzuvchi ta’sir ko‘rsatmoqda”. 

Ekologiya, Atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri maslahatchisi va jamoatchilik faoli Rasul Kusherboyev esa bu yo‘l bilan Solovyov Markaziy Osiyo davlatlariga ochiqchasiga tahdidga o‘tayotganligini qayd etib, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligini holat bo‘yicha keskin munosabat bildirishga chaqirdi. 

Bir jurnalistning keskin fikri ortidan yuzaga kelgan bahs va “yoqilgan olov”ni o‘chirish uchun, siyosatshunoslar kutganidek, sahnaga Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova chiqdi. 15 yanvar kungi brifingda Zaxarova Solovyovning aytganlari rasmiy Moskvaning pozitsiyasini aks ettirmasligini, jurnalist bu fikrlarni o‘z shaxsiy kanali orqali bildirganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu gaplar rasmiy bayonot emas, balki savol shaklida bildirilgan mulohaza bo‘lib, ayrim tahlilchilar tomonidan provokatsion ruhda talqin qilinmoqda.

Xulosa qilib aytganda, Rossiya rasmiy idoralari bunday kutilmagan va keskin chiqishlarni go‘yoki ko‘rmagan, eshitmagan holatda qoldirayotgan bo‘lsa-da, Kremlga yaqin Solovyov va Dugin kabi propagandistlar tomonidan bildirilayotgan fikrlar mintaqa davlatlari va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlik hamda munosabatlarni jiddiy savol ostiga qo‘ymoqda. Aleksandir Dugin tomonidan bildirilgan fikrga Moskva tomonidan qanday siyosiy yoki diplomatik javob berilishi, xususan, bu safar Mariya Zaxarova qanday munosabat bildirishi hozircha noma’lum.


Maqola muallifi

Teglar

TIV Rossiya Tojikiston O'zbekiston Qirg'iziston SSSR Markaziy Osiyo Aleksandr Dugin mustaqilligi mamlakatlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing