Mustaqil O‘zbekistonning mavjudligini qabul qilib bo‘lmaydi – Aleksandr Dugin (video)
Olam
−
19 yanvar 59781 2 daqiqa
Sobiq SSSR tarkibida bo‘lgan mamlakatlar, jumladan O‘zbekistonning ham mustaqilligini qabul qilib bo‘lmaydi. Bunday fikrlarni “Rus dunyosi” mafkurasining asoschilaridan biri hamda Kremlparast propagandist Aleksandr Dugin aytib, Markaziy Osiyo davlatlari suverenitetini inkor qildi.
Uning fikricha, bu respublikalarni Rossiya nazoratga olishi kerak.
“Suveren Armaniston, Gruziya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, suveren O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistonning mavjudligini qabul qilib bo‘lmaydi. Yangi voqelikda hech qanday suverenitetga o‘rin yo‘q. Ular yoki biz tomonimizda, yagona ittifoqimiz tarkibida bo‘ladi yoki G‘arb, Yevropa Ittifoqi, Amerika uchun, ayrim holatlarda esa Xitoy uchun tayanch maydonga aylanadi”, degan u.
Shuningdek, Dugin “uch qutbli dunyo” shakllanayotgani va bu tizimda Rossiya “kuch markazi”ga aylanib, atrofidagi hududlar ustidan nazoratni kuchaytirishi kerakligini ham alohida urg‘ulagan.
“Bizning maqsadimiz uch qutbli dunyoda eng muhim kuch markazlaridan biriga aylanish: suveren, erkin, mustaqil va ulkan davlat bo‘lish. Biz nazoratga olmagan barcha hududlar neytral bo‘lib qolmaydi. Ya’ni tinch va osoyishta “Shveysariya”ga aylanmaydi. Aksincha, ular boshqa qutblarning, eng avvalo AQSH boshchiligidagi yanada mojaroli qutbning tayanch nuqtasiga aylanadi”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Ma’lumot uchun, Dugin ko‘pincha neoyevrosiyochilik g‘oyalari bilan bog‘lanadi va G‘arbga qarshi, antiliberal pozitsiyalari bilan tanilgan shaxs sifatida turli manbalarda bahs-munozaralarga sabab bo‘lib keladi. Dugin rasmiy davlat lavozimida ishlamasa-da, ko‘plab tahlilchilar uning fikrlari Kremlning qarorlarida aks etishini ta’kidlab keladi.
Qayd etish joiz, so‘nggi paytlarda Rossiya tomonidan Markaziy Osiyo davlatlarining mustaqilligiga nisbatan sovuq fikrlar ijtimoiy tarmoqlarda urchib ketdi. 10 yanvar kuni rossiyalik teleboshlovchi, Kremlga yaqin yana bir propagandist Vladimir Solovyov o‘zining jonli efirida Ukraina hududiga uyushtirilgan “maxsus harbiy amaliyot”ni “Rossiya ta’sir doirasidagi boshqa hududlarda” ham, jumladan Markaziy Osiyo davlatlari va Armanistonda o‘tkazish zarurligini aytgandi.
Solovyovning fikricha, Rossiya hozir qaysi hududlar unga tegishli ekanini aniq va qat’iy aytishi lozim. Shuningdek, jurnalist bu harakatlar yo‘lida xuddi Ukrainaga qilingan yurish kabi “maxsus harbiy amaliyot” boshlash zarurati borligini aytgan.
Oradan biroz vaqt o‘tib, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova Solovyovning Rossiya Markaziy Osiyo va Armanistonga “maxsus harbiy operatsiya” boshlashi kerakligi haqidagi gaplariga munosabat bildirdi.
Zaxarovaning qayd etishicha, rossiyalik jurnalistning fikrlari rasmiy Moskvaning pozitsiyasini ko‘rsatmaydi va jurnalist bu gaplarni o‘zining kanalida aytgan, xolos. Zaxarova rasmiy bayonotni vakolatli shaxslar berishi bu divanda yotib olib gapiradigan tahlilchilarning ishi emasligini qo‘shimcha qilgan.
Live
Barchasi