Zaxarova Solovyovning Markaziy Osiyoga hujum qilish haqidagi gaplariga munosabat bildirdi (video)
Olam
−
16 yanvar 24714 3 daqiqa
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova telejurnalist, Kremlparast propagandist Vladimir Solovyovning Rossiya Markaziy Osiyo va Armanistonga “maxsus harbiy operatsiya” boshlashi kerakligi haqidagi gaplariga munosabat bildirdi.
Zaxarovaning qayd etishicha, rossiyalik jurnalistning fikrlari rasmiy Moskvaning pozitsiyasini ko‘rsatmaydi va jurnalist bu gaplarni o‘zining kanalida aytgan, xolos.
“Men iqtiboslarni o‘qib chiqdim, jurnalist bildirgan fikrlar uning shaxsiy fikri. Bu Moskvaning rasmiy pozitsiyasini aks ettirmaydi. Uning fikri aslida savol shaklida bayon qilingan. Bu bayonot emas, balki savoldir. Bundan tashqari, bu jumlalar tahlilchilar tomonidan provokatsion tarzda talqin qilinayotgani yaqqol ayon. Bunday manipulyatsiyalar bilan shug‘ullanishga shunchaki yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi”, deydi Zaxarova.
Uning qo‘shimcha qilishicha, rasmiy bayonotni vakolatli shaxslar beradi, divanda yotib olib gapiradigan tahlilchilar emas.
“Bu iboralar “divan” tahlilchilari tomonidan ochiqdan-ochiq provokatsion ko‘rinishda deyarli Rossiyaning rasmiy pozitsiyasi sifatida taqdim etilgan. Yana bir bor ta’kidlamoqchimanki, rasmiy nuqtai nazar vakolatli mansabdor shaxslar tomonidan bildiriladi”, degan Zaxarova.
Uning aytishicha, Rossiyani Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyo xalqlari bilan tarixan yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik, ittifoqchilik, birodarlik va hamkorlik aloqalari bog‘lab turadi.
“Aloqalarimizning barqaror rivojlanishi garovi – do‘st davlatlar rahbarlari o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan samimiy shaxsiy munosabatlardir. Hozirgi suveren davlatlar bilan munosabatlar kontekstidagi siyosatimiz Rossiya rahbariyati tomonidan o‘n martalab ma’lum qilingan. Yana bir bor aytaman, bu pozitsiya. Menimcha, Rossiya Prezidenti, hukumat raisi, Tashqi ishlar vaziri, Mudofaa vaziri, barcha yo‘nalishlardagi vazirlar tomonidan ko‘p marta aytilgan. Bizda MDH, KXSHT kabi postsovet hududida mavjud bo‘lgan tuzilmalar orqali ham muloqot muntazam ravishda qo‘llab-quvvatlanadi”, deydi Zaxarova.
Bundan tashqari, u teleboshlovchining so‘zlari tasdiq emas, balki savol shaklida bo‘lganini ham urg‘ulagan.
“Gapga emas, ishga qarab baho berish kerak. Necha marta yordamga kelindi? Necha marta yordam va do‘stlik qo‘li cho‘zildi? Qayg‘uga sherik bo‘lganda, hamdardlik bildirganda necha marta eng samimiy hissiyotlar izhor qilindi? Quvonchni baham ko‘rganda, umumiy g‘alabalarni hamda postsovet hududidagi hamkasb va do‘stlarimizning yutuqlarini birga nishonlaganda necha bor samimiy tuyg‘ular namoyon etildi? Qanchadan-qancha murakkab, yechimi yo‘qdek tuyulgan vaziyatlardan birgalikda yo‘l qidirildi? Necha marta tushunmovchilik va anglashilmovchiliklar bartaraf etildi? Provakatorlar chaqirig‘i va provokatsiyalarga necha marta javob qaytarildi? Mana shu narsalarga qarash kerak. Har qanday holatda ham “qoqilib qolmaslik“ va ayniqsa, provokatsiyalarga chalg‘imaslik lozim. Afsuski, ular hali ko‘p bo‘ladi. Shuning uchun, keling, qandaydir soxta va yolg‘on ma’lumotlarga aldanmay, haqiqiy voqelikni ko‘raylik”, degan Mariya Zaxarova.
Eslatib o‘tamiz, 10 yanvar kuni rossiyalik teleboshlovchi, Kremlga yaqin asosiy propagandist Vladimir Solovyov o‘zining jonli efirida Ukraina hududiga uyushtirilgan “maxsus harbiy amaliyot”ni “Rossiya ta’sir doirasidagi boshqa hududlarda” ham, jumladan Markaziy Osiyo davlatlari va Armanistonda o‘tkazish zarurligini aytgandi.
Solovyovning chiqishlariga Armaniston TIV munosabat bildirgan va Rossiya elchisi Sergey Kopirkinni chaqirtirgandi. Unga norozilik notasi topshirilgan. Armaniston buni “suverenitetga tajovuz” deb baholagan
Live
Barchasi