“Zapret”ga tushgan Zokirova, daragi chiqqan Komilov, o‘zbek-qirg‘iz chegarasidan topilgan yashirin tonnel… Hafta dayjesti

Tahlil

O‘zbekiston hayoti va xalqaro maydonda muhim voqealarga boy bo‘lgan yana bir hafta ortda qoldi. Hafta davomida O‘zbekiston va Qirg‘izistonni bog‘lovchi tonnelining topilishi, “svet” va gaz narxi oshishi hamda mart oyidan beri ko‘rinish bermaayotgan Abdulaziz Komilovning tadbirlarda qatnasha boshlagani diqqat markazida bo‘ldi. Shuningdek, hafta oxirida benzin narxi oshgani va Nargiz Zokirovaning Rossiyaga 50 yil davomida kirishi taqiqlanishi ham muhokamalarga sabab bo‘ldi. Qaynoq xabarlar  tafsiloti bilan QALAMPIR.UZ dayjestida tanishishingiz mumkin.

O‘zbekistonda maymun chechagi aniqlandimi?

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, odamlarda maymun chechagi bilan kasallanish holatlari  Yevropa, Shimoliy Amerika va Avstraliyada aniqlangan edi.

Joriy yilning 24 may kuni BAAga G‘arbiy Afrikadan kelgan 29 yoshli ayolda maymun chechagi aniqlangani ma’lum qilindi.

Tibbiyot fanlari doktori Nurmat Otabekovning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda bu infeksiyaning O‘zbekistonga kirib kelmasligi uchun zarur choralar ko‘rilyapti.

Maymun chechagining dastlabki belgilariga isitma, bosh og‘rig‘i va mushak og‘rig‘i, shishgan limfa tugunlari, titroq va ozg‘inlik kiradi.

Sportdagi natijalar yaratilgan sharoitlarga mos emas – Shavkat Mirziyoyev

Joriy yilda sport sohasiga 2 trillion 300 milliard so‘m (2017 yildan 5 baravarga ko‘p), shundan sport ta’lim muassasalari uchun 1 trillion 200 milliard so‘m ajratildi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23 may kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qildi.

Davlat rahbari sportdagi natijalar yaratilgan sharoitlarga hali mos emasligini ta’kidlab, sport kollejlari foyda bermayotganini tanqid qildi.

O‘zbekiston va Qirg‘izistonni bog‘lovchi yerosti tonneli topildi

Qirg‘izistonning O‘sh viloyati Qora-Suv tumanida mamlakatni O‘zbekiston bilan bog‘lovchi yerosti tonneli topildi. 

Tonnelning chuqurligi 15 metr, tonnelga kirish qismi 1,8 metr, eni 1,5 metr, kirish joyidan chegara chizig‘igacha 40 metr, kirishdan chiqish qismigacha 270 metrni tashkil etadi.

Yuqoridagi tonnel aniqlangan  uchastka egasi hozirda ruhiy kasalliklar shifoxonasida yotganligi sababli, uning aqli rasoligi bo‘yicha ikkinchi ekspertiza o‘tkazish rejalashtirilgan.

Ayni paytda qurol-yarog‘ va jinoyat ashyolari olib qo‘yilgan.

Senatning martdagi majlisidan keyin ko‘rinmay qolgan Komilovning daragi chiqdi

Joriy yilning 22 may kuni O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abdulaziz Komilov Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri shahzoda Faysal ibn Farhan ibn Abdulla bilan telefon orqali muloqot qildi.

Komilov bungacha salomatligi bilan bog‘liq muammo tufayli xorijda davolanayotgan edi. U haqida ancha vaqtgacha hech qanday ma’lumot berilmagandi.

Abdulaziz Komilov so‘nggi bor joriy yilning 17 mart kuni Senat yalpi majlisida ko‘rinish bergan edi. Unda vazir rasmiy Toshkent o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Donetsk xalq respublikasi va Lugansk xalq respublikasini tan olmasligi, Ukrainaning hududiy yaxlitligini esa qo‘llab-quvvatlashini bildirgan edi. Shundan so‘ng, u hech qayerda ko‘rinish bermadi. Oy oxirlariga kelib esa, Komilovning xorijda davolanayotgani xabar qilindi.

Namanganda 14 yoshli bola mashinada o‘z tengdoshini urib ketdi

2008 yilda tug‘ilgan bola  avtomobilda harakatlanib ketayotganida, boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida yo‘lning o‘ng chetida ketayotgan piyoda, 2008 yilda tug‘ilgan X.B.ni urib yuborgan.

Yo‘l-transport hodisasi oqibatida piyoda og‘ir tan jarohatlari olib, shifoxonada vafot etgan.

Mazkur YTH yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

O‘zbekistonda gaz va “svet” narxi oshadimi? Vazirlik izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda gaz va elektr energiyasining to‘lov narxlari oshirilishi bo‘yicha xabarlar tarqalmoqda. Holat yuzasidan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Matbuot xizmati izoh berdi.

Unga ko‘ra, ayni vaqtda Vazirlar Mahkamasining "Yoqilg‘i-energetika resurslarining narxlari va tariflarini o‘zgartirish to‘g‘risida"gi qaror loyihasi tayyorlanmoqda.

Vazirlik ma’lumotlaridan ko‘rinib turibdiki, gaz va elektr energiyasining to‘lov narxlari oshishi mumkin, ammo bu bir kunda yuz bermaydi.

Nargiz Zokirova 50 yil Rossiyaga kirishi taqiqlandi

Joriy yilning 24 may kuni Toshkentdan Moskvaga borgan xonanda Nargiz Zokirova Domodedovo aeroportida qo‘lga olindi.

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati qabul qilgan qarorga ko‘ra, xonanda O‘zbekistonga qaytgandan so‘ng, Rossiya haqida keskin fikrlar bildirgani uchun 50 yilga – 2072 yilgacha Rossiyaga kirish huquqidan mahrum qilingan.

Buxoroda faxriy yorliq olmagan bitiruvchi direktorning ustiga suv sepib yubordi

Joriy yilning 25 may kuni Buxorodagi umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘quvchi “So‘nggi qo‘ng‘iroq” bayrami vaqtida maktab direktori ustiga suv sepib yubordi.

O‘rganishlar jarayonida maktabning 11-sinf bitiruvchisi  o‘tkazilgan tadbir davomida unga faxriy yorliq berilmaganidan norozi bo‘lib, jahl ustida maktab direktorining ustiga suv sepib yuborgani aniqlangan.

Ana xolos! Piyoda yurganlarga pul beruvchi 1hls loyihasi bekor qilingani ma’lum bo‘ldi

O‘zbekistonda piyoda ko‘p yurganlarga pul beruvchi “Sog‘lom turmush tarzi” (1hls) loyihasi bekor qilingan. O‘zbekiston Prezidentining tegishli farmoni joriy yilning 6 aprel kuni qabul qilingan.

Hujjatga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6099-son Farmonining 4-bandi o‘z kuchini yo‘qotdi.

O‘zbekiston hududida bir sutka davomida o‘n ming va undan ortiq qadam yurgan 18 va undan yuqori yoshdagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining platformadagi elektron hamyoniga 3 ming so‘mdan;

har oyda har bir tuman (shahar) bo‘yicha eng ko‘p yurgan shaxsga 300 ming so‘mdan, har bir hudud bo‘yicha eng ko‘p yurgan shaxsga 500 ming so‘m, respublika bo‘yicha eng ko‘p yurgan shaxsga 1 million so‘m qo‘shimcha ravishda platformadagi elektron hamyoniga o‘tkazilishi belgilangandi.

4 oyda O‘zbekistonda qancha oila buzilib ketgani ochiqlandi

2022 yilning yanvar-aprel oylarida respublika bo‘yicha 16 256 ta oilada ajralish holatlari qayd etilgan. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi xabar berdi. 

Toshkent shahri 1982 ta ko‘rsatkich bilan yeng ko‘p ajrimlar sodir bo‘lgan xudud sifatida turibdi.

AI-80 benzin narxi oshdi

"O‘zbekneftgaz” kompaniyasiga qarashli yoqilg‘i quyish shoxobchalarida AI-80 benzini narxi oshirildi va 6 800 so‘m (4,3 foizga) etib belgilandi.

Qayd etilishicha, joriy yil boshiga nisbatan neft xomashyosi kotirovkasi 1,3 barobarga (1 barreli uchun 115 dollar), Yevropa davlatlarida AYOQSHdagi benzin chakana narxi 1,2 – 2,0 barobarga oshib tarixiy antirekordlar yangilangan.

Tappida qolayotgan qo‘llar, qimmatlayotgan “svet”, uyida chiroqsiz o‘tiradigan “zamministr”

Yil davomida qishloqlarda gaz yo‘qligi, "svet" tez-tez o‘chishi, Hukumat ayollarning qo‘lini haligacha tappidan tozalay olmayotgani tanqid qilinadi. Tan olish kerakki bugungacha har yili qish fasli kelishini fojiadek qabul qiladigan odamlar ko‘pchilikni tashkil qiladi, afsuski.

Bir necha yildan beri barqaror ushlab turilgan elektr energiya narxi oshadimi? Energetika sohasi jar yoqasiga kelib qolgan-u, hatto vazirlar ham uyida chiroqsiz o‘tiradimi? QALAMPIR.UZ'ning shu va boshqa savollariga Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev javob berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev bilan intervyuni QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Abdulaziz Komilov Nargiz Zokirova 1hls loyihasi

Baholaganlar

596

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing